O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘llari muhokama qilindi
Abu – Dabi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov BAA Bosh vazirining o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil mart oyida BAAga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Bu borada yuzaga kelayotgan masalalar hamda qo‘yilgan vazifalarni ijro etish uchun kelgusidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Investitsiyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilar ekan, tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan amirlik sarmoyalari hajmini oshirishning yuqori dinamikasi va amirlik kompaniyalari tomonidan loyihalarni amalga oshirishda erishilgan muvaffaqiyatlarni qayd etdi. Jumladan, Masdar kompaniyasi joriy yilning avgust oyida O‘zbekistonda birinchi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi hamda hozirgi kunda uchta yangi quyosh elektr stansiyasi, xususan, 457 MVt quvvatga ega Sherobod QES, 220 MVt quvvatga ega Samarqand QES va 220 MVt quvvatga ega Jizzax QES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda g‘olib bo‘ldi. O‘zbekistonda Masdar loyihalarining umumiy portfeli hozirda 2 mlrd dollardan ortdi, qurilayotgan elektr stansiyalarining umumiy ishlab chiqarish quvvati 2,5 GVtni tashkil etadi.
Abu-Dabi rivojlanish jamg‘armasi bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, jumladan, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi hamda ta'lim sohasidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ham alohida qayd etildi. Jamg‘arma bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faol ish yuritmoqda, xususan, turizm sohasida yirik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, shuningdek, umumiy qiymati 500 million dollarga teng bo‘lgan 14 istiqbolli investitsiyaviy loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda.
Muloqot chog‘ida energetika, qishloq xo‘jaligi, moliya sektori, infratuzilmani rivojlantirish va sog‘liqni saqlash kabi investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo hamda investitsiyaviy hamkorlikni diversifikasiya qilish, BAAning yetakchi kompaniyalari qatoridan O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlarni jalb etishga sodiqligini bildirdilar. Bu, o‘z navbatida, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning mavjud salohiyatidan to‘liq foydalanish imkonini beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi