O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ombudsman – inson huquqlarini ta’minlash sohasida ishonchli tuzilmaga aylanmoqda

2021-12-06 | Siyosat

Fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari buzilganda qayerga murojaat qilish haqida o‘ylab qoladi. Shunda yonida tura oladigan ishonchli tashkilotga ehtiyoj sezadi. Bunday vaziyatlarda Ombudsmanga murojaat qiluvchilar soni keyingi paytda ko‘payib bormoqda.

Boisi mamlakatimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning o‘rni va roli kuchaymoqda. Sohaga oid me’yorlar takomillashtirilayotgani, Ombudsmanga huquqiy himoya bo‘yicha vakolatlar berilgani bunga zamin yaratdi.   
 
Joriy yilning 10 oyi davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga 15 ming 373 murojaat kelib tushgan. Parlament nazorati sub’ekti sifatida Ombudsman tomonidan 7 mingdan ortiq murojaatlar o‘z ish yurituviga olingan.  

Murojaatlar asosan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari, ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan tushgan.   Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan vazirlik va idoralarga 33 xulosa va 15  taqdimnoma kiritilgan. Bundan tashqari, sudlarga 44 da’vo arizasi kiritilgan va Ombudsman kotibiyati xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 86 marotaba ishtirok etgan. 

Bu raqamlar Toshkentda “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilishda Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzuida tashkil etilgan davra suhbatida qayd etildi.   

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlab Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Ombudsman faoliyati tahlil qilinib, Inson huquqlari bo‘yicha vakil institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasi mustahkamlanganini qayd etdi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarishga doir tizimli ishlar olib borilayotgani xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.  

- O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslangan, - dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova. – Inson huquqlariga oid qonun va me’yorlarning asosini Konstitutsiya tashkil etadi.  Bosh qomusimizning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilangan. Shu nuqtai nazardan, Ombudsman institutining ham asosiy maqsadi insonlarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanishiga erishishdan iborat. Ombudsmanga konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani tizimning inson huquqlarini himoya qilish imkoniyati ortishiga yo‘l ochdi. Harakat strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida Ombudsmanning nufuzi ortishi bilan birga, uning quyi tizimlari shakllantirildi. Eng muhimi, Ombudsman qiynoqlarga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini monitoring qilib borish bilan birga jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda monitoring tashriflarini amalga oshirmoqda. Mahkumlar bilan bevosita suhbatlar olib borilib, uchrayotgan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.    

Davra suhbatida qayd etilishicha, Prezidentimizning joriy yil 10-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmoni  mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Unda amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunni farmonda aks etgan islohotlar asosida takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan.  

Mazkur hujjatning muhim yangiliklaridan biri, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilayotganidir. Bu bejiz emas, chunki inson huquqlari himoyasiga oid eng samarali takliflar aynan Ombudsmanning kundalik amaliyotida, odamlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, sud hokimiyati va ekspertlik hamjamiyati bilan bevosita hamkorlikda shakllanadi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham aynan shu jarayonda yuzaga chiqadi.  

- Ombudsman davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘lishi kerak, - deydi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi, doktor Per fon Arks. – Bu ko‘prik qanchalik mustahkam bo‘lsa, mamlakatda inson huquqlarining ta’minlanishi darajasi ortib boradi. Ombudsmanga oid yangi qonun ishlab chiqilayotgan ekan, uning har bir moddasi puxta o‘ylangan, mukammal bo‘lishi kerak. Shunda biz ramziy ma’noda qo‘llayotgan ko‘prikning har bir ustuni mustahkam bo‘ladi. Eng muhimi, o‘sha ustunlar eng kerakli, amaliyotda samara beradigan me’yorlardan tashkil topishi maqsadga muvofiq.   

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, uni yanada takomiliga yetkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.  

Senatorlar, deputatlar, Oliy sud, Ombudsman huzuridagi huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyasi a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar ishtirok etgan tadbir yakunida inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga munosib  hissa qo‘shib kelayotgan davlat va nodavlat idoralar vakillari tashakkurnoma bilan taqdirlandi.  

Manba: O'zA

Поделиться