Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlarida, jumladan, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi, Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Vazirlik faoliyati samaradorligini oshirish masalalari, uning oldida turgan dolzarb vazifalar, korporativ siyosat, xodimlar malakasini oshirish va yosh xodimlarni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Vazirlikning korporativ madaniyatini shakllantirish, yoshlarni tashvishga solayotgan masalalarga alohida e'tibor qaratish hamda tashkilotning tajriba va qadriyatlar davomiyligini ta'minlash maqsadida tarkibiy bo‘linmalarida turli yoshdagi xodimlar birgalikda faoliyat yuritishining muhimligi ta'kidlandi.
Vazirlik rahbariyati turli tuzilmalarda ishlash hamda vazifalarni tezkor va sifatli hal etish uchun zarur bo‘lgan kasbiy mahorat va shaxsiy fazilatlarni ishlab chiqish bo‘yicha shaxsiy tajribasi, shuningdek, turli darajalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish usullari bilan o‘rtoqlashdi. Ish jarayonida tizimli va muvofiqlashtirilgan yondashuvni qo‘llash, jamoa bo‘lib fidokorona ishlashning zarurligi qayd etildi.
Tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlar bilan bevosita ishlash, mahallalar bilan faol hamkorlik qilishgaga alohida e'tibor qaratildi. Yosh mutaxassislarga davlatimiz Rahbarining “mahallabay” tizimida samarali ishlarni tashkil qilish bo‘yicha yangi tashabbuslarini amalga oshirishda ishtirok etish hamda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi biriktirilgan 41 ta tumandan o‘ziga ma'qulida hokim yordamchisi – mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi sifatida o‘z kuchlarini sinab ko‘rish taklif etildi. Hududlarda ishlash tajribasi foydali bilimlarga ega bo‘lish, joylardagi iqtisodiy ahvolni har tomonlama o‘rganish, tadbirkorlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud masalalarni hal etish uchun turli idoralar bilan ishlashni o‘rganish imkonini berishi ta'kidlandi.
Vazirlikda tashkil etilgan Yoshlar kengashi faoliyatini takomillashtirish taklif etildi. Bunda asosiy urg‘u yosh xodimlar o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashish, ish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni, shuningdek, Vazirlik amaliy yordam berishi mumkin bo‘lgan muammolarni bildirish uchun doimiy faoliyat ko‘rsatadigan platforma yaratishga beriladi.
Uchrashuv ishtirokchilari ish faoliyati samaradorligini oshirish, korporativ madaniyatni rivojlantirish hamda vazirlik tarkibiy bo‘linmalari va uning quyi tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘z g‘oya va takliflarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar. Ko‘tarilgan masalalar va takliflar ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi