Joriy yilning 3-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov videokonferensiya shaklida sanoat ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini, shuningdek, ichki va tarmoqlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish chora - tadbirlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etdi.
Xususan, joriy yil dekabr oyida O‘zbekistonda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tadbirning maqsadi mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish hamda mahalliy va tashqi bozorlarda muvaffaqiyatli raqobatlashish uchun mahalliylashtirilgan mahsulotlar sifatini yaxshilashdir.
Tadbirga tayyorgarlik jarayonida yangicha, tizimliroq yondashuvni qo‘llash zarurligi qayd etildi. Jumladan, vazirliklar, idoralar va tarmoq birlashmalari mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzish topshirildi. Guruh vazifalariga tarmoqlar va hududlar kesimida import tarkibini tahlil qilish, ichki bozorda xaridorgir bo‘lgan va O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar pozisiyalarini aniqlash, shuningdek, ushbu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish uchun mavjud bo‘lgan quvvatlar konyunkturasini o‘rganish kiradi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markaziga tahlil natijalari asosida zarur texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar olib borish hamda ushbu mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha manzilli investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish topshirildi. Loyihalar sanoat yarmarkasi platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladi. Keyingi bosqichda ishbilarmonlarni ushbu loyihalarni amalga oshirishga jalb etish hamda ichki bozorda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha manzilli ishlar amalga oshiriladi. U yoki bu loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish niyatini bildirgan tadbirkorlar moliyalashtirishda ko‘maklashish va boshqa bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladilar.
Tarmoq va hududlar kesimida tashkil qilingan kichik ekspert guruhlari har bir loyiha uchun alohida “Yo‘l xaritalarini” ishlab chiqadi va ularni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi, yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda samarali ko‘mak beradi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portalining samaradorligini oshirish muhimligi ta'kidlandi. Portal mamlakatimizning turli soha va hududlaridan bo‘lgan tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda biznes vakillarini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish uchun yagona platformaga aylanishi lozimligi ta'kidlandi.
Yig‘ilish davomida mutasaddi rahbarlarga rejalashtirilgan tadbirga yuqori sifatda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish hamda mavjud tashkiliy va mazmundorligi masalalarini tezkor hal etish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Ichki va tashqi bozorda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish vazifasi ham belgilandi. Dastur import tarkibi va hududlar hamda tarmoqlarning sanoat salohiyatini chuqur tahlili asosida shakllantirilgan loyihalar ro‘yxatini, ichki bozorda xorijda ishlab chiqarilgan analoglari bor bo‘lgan mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va ishlab chiqarilishini kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning aniq amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi