Namangan viloyatida investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirishning yangi tizimi faol joriy etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov Namangan shahri va Namangan viloyati tumanlari darajasidagi mahalliy hokimiyat organlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga mas'ul bo‘lgan rahbarlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Namangan viloyati hokimi Sh.Abdurazakov ham ishtirok etgan yig‘ilish davomida viloyatda investitsiyaviy va eksport faoliyatining ko‘rsatkichlari, hududiy investitsiya dasturining bajarilishi hamda viloyat sanoat salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijalari ko‘rib chiqildi.
Investitsiyaviy va eksport faoliyatini rag‘batlantirishning yangi tizimini joriy etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi. Hududda tashkil etilgan loyiha guruhlarining faoliyati o‘rganildi. Ularning vazifalari foydalanilmayotgan yer uchastkalari, bino va inshootlar, tabiiy va infratuzilmaviy resurslar kabi viloyatning ishga solinmagan iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish, tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyalarini shakllantirish, shuningdek, xaridorgir yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan yuqori daromadli va iqtisodiy jihatdan samarali loyihalarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Uchrashuv ishtirokchilari aniq holatlar va loyihalar misolida yangi tizimni o‘zilari biriktirilgan hududlarda sinab ko‘rish bo‘yicha shaxsiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar hamda hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda uni samarali joriy etish bo‘yicha g‘oya va takliflarini bildirdilar.
Yangi tizimni amalda joriy etishning turli jihatlari, jumladan, moliyalashtirish manbalarini aniqlash, eng istiqbolli loyihalarni tanlash, loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va foydalanishga topshirilayotgan ishlab chiqarish ob'ektlari faoliyatining monitoringini olib borish masalalari bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Alohida loyihalar uchun yuzaga kelgan masalalarni yechishning aniq algoritmlari ishlab chiqildi.
Joylarda ishlarni jadallashtirish, investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlari, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan bevosita o‘zaro hamkorlik qilish hamda ular faoliyatida duch kelayotgan muammolarni tezkor hal etishning muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga bajarilayotgan ishlar samaradorligini oshirish hamda viloyatda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi