O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“InnoWeek.Uz-2021”innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z ishini yakunladi
2021-11-29 | Innovatsiya
O‘tgan bir hafta davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy ilm-fan namoyondalari, olimlar, tadqiqotchilar, yirik kompaniyalar uchun ilm-fan va innovatsiyalarni bir joyga jamlagan makonga aylandi. Mahalliy va xorijiy Ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘ldi. Haftalik davomida o‘tkazilgan turli tadbirlar, musobaqalar, anjumanlar va taqdimotlar tashrif buyuruvchilarda katta taassurot uyg‘otdi.
Haftalik doirasida tadbirlarimizga kelgan mehmonlar, mutaxassis olimlar shunchaki g‘oyalarni emas, innovatsiyaga aylangan ishlanmalarni, tijoratlashtirishga tayyor ilmiy tadqiqotlar natijalarini ko‘rib, guvohi bo‘lishdi, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov. – Maqsadimiz ham shu edi: birorta eski, innovatsiyaga aylanmagan narsa bo‘lishi kerak emas degan qarorga kelgandik – endi buni anʼanaga aylantirmoqchimiz. Bu xaqlimizning ilm-fanga bo‘lgan ishonchimizni oshiradi. Ayniqsa, haftalikda yoshlarimizning ishtiroki keng qamrovli bo‘lgani kishini quvontiradi.
“InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftalik tadbirlarda 30 ta mamlakatdan 131 nafar xorijlik mehmonlar hamda 380 ta tashkilotlar va korxonalardan jami 20,1 ming ishtirokchilar qatnashdilar.
“InnoWeek.Uz-2021”xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi “Pandemiyadan keyingi davr uchun innovatsiyalar: yashil texnologiyalar, sunʼiy intellekt, texnologik inqilob, startap ekotizimi” shiori ostida ish boshladi va haftalik doirasida 10dan ortiq tadbirlar va konferensiyalar tashkil etildi. Xususan, “Postpandemiya davri uchun innovatsiyalar va investitsiyalar forumi”, “Sunʼiy intellekt – texnologik rivojlanish asosi”, “Vodorod texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkorlik sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish” hamda “Tadqiqotlarni tijoratlashtirish va texnologiya transferining innovatsion strategiyalari” bo‘yicha xalqaro miqyosdagi olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda dolzarb mavzular ko‘tarildi va ularga yechim topishda harakatlar strategiyasi ko‘rib chiqildi.
Haftalik davomida TechnoWays texnologik rivojlanish marafoni va “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni g‘oliblari ham taqdirlandi. Shuningdek, Xalqaro robototexnika musobaqasi va 5-Turkiy dunyo bolalarining fan va madaniyat festivali ham o‘tkazildi.
O‘zbekiston innovatsion texnologiya sohasida yuqori o‘rinlarda turuvchi davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ushbu sohada yaratilgan yangi texnologiya va yutuqlar borasida tajriba almashish, texnologiyalar transferini amalga oshirish borasida qator xorijiy davlatlar bilan ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik olib borishga kelishib olindi. Shuningdek, ushbu mamlakatlardan delegatsiya haftalik davomida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ishtirok etishdi. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar bilan bir qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Shu bilan birga innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan O‘zbekistonning ilmiy salohiyatiga oid barcha maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan http://nsp.gov.uz/ domeni ostidagi “Milliy ilmiy portal” hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining yangilangan sayti taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tijoratlashtirish Forumi doirasida tijoratlashtirishgacha tayyorlash loyihalari natijasida erishilgan innovatsion mahsulot va texnologiyalarni ko‘rgazmasi”ning eng yaxshi ishtirokchilari taqdirladi. Shuningdek, Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida eʼlon qilingan loyihalar tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Shuningdek, vazirlik tomonidan eʼlon qilingan “Startap loyihalar tanlovi” g‘oliblariga grant mablag‘lari topshirildi. “Eng yaxshi innovatsion mahsulotlari” tanlovi doirasida ko‘rgazma ishtirokchilarining eng yaxshi startap loyihalari taqdirlandi.
Haftalik to‘g‘risida 30 ta mahalliy elektron OAVlarida 250 tadan ortiq maqolalar chop etilib, ko‘rishlar qamrovi 5 millionni tashkil etdi . Xorijiy internet OAVlarida 40 dan oshiq materiallar, bosma OAVlarda 15 ta maqola chop etildi. Tadbirda 8 ta mahalliy telekanallar tomonidan 50 dan oshiq telematerial, 10 dan oshiq radiokanallar orqali 30dan oshiq eshittirishlar efirga uzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda 800 ta foto va video materiallar joylashtirildi. Haftalikning barcha tadbirlari vazirlik saytidagi virtual platformada jonli namoyish etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi