O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim belgilandi
2021-11-25 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-noyabr kuni meva-sabzavotchilik va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi klaster tizimi asosida rivojlantirilmoqda. Paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik klasterlari sifat va daromad jihatidan izchil o‘smoqda.
Meva-sabzavotchilikda ham ko‘plab klasterlar tashkil etilgan. Lekin natijalar mavjud salohiyat darjasida emas. Masalan, bu tarmoqda eksport miqdorini hozirgi 1 milliard 200 ming dollardan 5 milliard dollarga ko‘paytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Jumladan, bugungi kunda Asaka, Angor, Denov, Jomboy, Samarqand, Oltiariq, Quva, Yuqori Chirchiq, Yangiqo‘rg‘on tumanlaridagi meva-sabzavotchilik klasterlari 20-25 million dollarlik mahsulot eksport qilmoqda.
Yig‘ilishda shu boradagi imkoniyat va muammolar, hosildorlik va bandlikni oshirish choralari muhokama qilindi.
– Ilgari paxtachilikda faqat xomashyo sotardik. Kotirovka eng yaxshi bo‘lgan yilda daromad 1 milliard dollar atrofida bo‘lardi. Mana, hozir paxtani o‘zimizda qayta ishlab, 3 milliard dollarga chiqdik. Bu faqatgina eksport ko‘rsatkichi. Bu sohada hali qancha ish o‘rni, oylik, soliq bor. Ishni to‘g‘ri tashkil etib, meva-sabzavotchilikda ham shunday natija qilish mumkin. “Oyog‘imizning tagida” imkoniyat turibdi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois meva-sabzavotchilik klasterlari, dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilikni rivojlantirish, ularni moliyalashtirish, agroxizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ta’kidlandi.
Unga ko‘ra, shu yil 1-dekabrdan boshlab, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan meva-sabzavot yetishtiruvchilarni imtiyozli kreditlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun klaster, fermer va bank o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Kreditlar bir yilga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, 14 foiz stavkada ajratiladi.
Klasterlarga aholidan mahsulot sotib olishga aylanma mablag‘ uchun 12 oylik “revolver” kreditlar ham beriladi. Ya’ni, klaster qachon zarur bo‘lsa, mablag‘ oladi va foizini kreditdan foydalangan davr uchun to‘laydi.
Ushbu maqsadlar uchun jami 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Kichik intensiv bog‘, uzumzor va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun 14 foizlik imtiyozli stavkada 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Bunga xalqaro moliya tashkilotlarining 100 million dollar mablag‘i yo‘naltiriladi.
Yana bir qo‘llov – eksport shartnomasi bo‘lgan meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.
Mutasaddi vazirliklarga mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Kecha, 23-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda kelgusi yili paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar yer aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun berilishi belgilandi.
Bu maydonlar ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali, 10 sotixdan 1 gektargacha o‘lchamda, 10 yil muddatga ijaraga beriladi.
Davlatimiz rahbari bunda yaratiladigan ish o‘rni va dehqonchilik tajribasi asosiy mezon bo‘lishini, ehtiyojmand aholiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Bunday xo‘jaliklar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 2 yilgacha kredit ham beriladi. Lekin yerdan oqilona foydalanilmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
Mutasaddilarga ushbu tartib asosida yerlarni ochiq tanlovga chiqarish, kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Yurtimizda aholi ixtiyorida 500 ming gektar atrofida tomorqa mavjud. Ularda mahsulot yetishtirishga ko‘maklashish uchun kelgusi yilda 100 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu mablag‘ oilaviy tadbirkorlik dasturi asosida, imtiyozli shartlarda beriladi.
Tomorqa xizmati korxonalariga ham 300 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Samarali ishlayotgan shunday korxonalar negizida tomorqa xizmati klasterlari tashkil etiladi. Ularda ko‘chatchilik issiqxonasi, kichik texnika parki, sovutkichli omborxona, quritish, saralash va qadoqlash kabi xizmatlar jamlanadi.
Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etilib, ularga subsidiya beriladi.
Ekinlarni suv bilan ta’minlash ham dolzarb masala. Shu bois suv borishi qiyin tomorqalar va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish xarajatlarining bir qismini byudjetdan qoplash tartibi 2026-yil 1-yanvargacha uzaytiriladigan bo‘ldi.
Xonadonda tovuq, quyon va chorva boqish – to‘qlik, to‘kinlik manbai. Bunday oilada eng zarur kundalik mahsulotlar doim bo‘ladi. Shu bois yig‘ilishda xonaki parranda naslchiligini rivojlantirish, har bir tumanda veterinariya xizmati va kichik inkubatorlar tashkil etish, ozuqa yetkazib berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tumanlarda meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etilishi belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq va hudud rahbarlari so‘zga chiqdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti