O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

2021-11-24 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida (keyingi o‘rinlarda – Orolbo‘yi mintaqasi) tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni va yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali hududga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021-yil 20-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligining 2022-yil 1-yanvardan:

a) 2031-yil 1-yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun:

foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘rnatilgan soliq stavkalarini 1 foiz etib belgilash;

mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida belgilash;

b) 2025-yil 1-yanvargacha Xorazm viloyatining Tuproqqal’a, Yangiariq, Yangibozor tumanlarida yangi tashkil etiladigan va shu tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub’ektlari (klasterlar bundan mustasno) bo‘yicha:

foyda solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalarini 50 foizga kamaytirish;

ular tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘z ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xomashyo, materiallarni bojxona bojidan ozod qilish;

v) Xorazm viloyatida yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarga, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat’i nazar, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozli davrni besh yil etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-avgustdagi “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5233-son qaroriga muvofiq zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadigan investitsiya loyihalari qiymati kamida 50 milliard so‘m miqdorida belgilansin.

Bunda, ushbu tartib bo‘yicha 50 milliard so‘mdan 200 milliard so‘mgacha bo‘lgan investitsiya loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar ushbu loyihalar qiymatining 20 foizidan oshmasligi lozim.

3. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Markaziy bank (M.Nurmuratov) bilan birgalikda Xorazm viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 98 ta mahalla uchun 2022-2026 yillar davomida:

a) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:

“mahallabay” ishlash tizimini joriy etish maqsadida 200 milliard so‘m;

aholini tadbirkorlikka o‘qitish va jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 milliard so‘m miqdorida kredit resurslari ajratilishini ko‘zda tutsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan infratuzilmani rivojlantirish uchun 150 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

4. Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha Orolbo‘yi mintaqasida faoliyat yuritayotgan:

kichik tadbirkorlik sub’ektlariga korxona qurilishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va texnikalarni respublikaning boshqa hududlaridan olib kelish hamda ular tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni respublikaning boshqa hududlariga yetkazib berish bilan bog‘liq temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foiz qismini qoplab berish;

mahalliy eksportchilar tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda, ularning Kaspiy dengizigacha tashish bilan bog‘liq transport xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etilsin.

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.Umurzakov) bir oy muddatda Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasidagi tadbirkorlik sub’ektlarining yuk tashish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlasin.

5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (K.Sariyev), Xorazm viloyati hokimligi (F.Ermanov), manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 45 ta va Xorazm viloyatida 40 ta yangi kichik sanoat zonalarini belgilangan tartibda tashkil etish choralarini ko‘rsin.

6. Oliy Majlis Senatiga (T.Narbayeva) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi hamda boshqa mas’ul vazirlik va idora rahbarlarining mazkur Farmon ijrosi yuzasidan axborotlarini eshitishni tashkil etish (shu jumladan, joyiga chiqqan holda) hamda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rib borish tavsiya etilsin.

7. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.Xolxo‘jayev) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov), manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish
va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi K.R. Sariyev, Xorazm viloyati hokimi F.U. Ermanov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B. Voitov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M. Xolxo‘jayev belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari S.U. Umurzakov va J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021-yil 23-noyabr.

Manba: O'zA

Поделиться