Xalq ta'limi vaziri Jizzaxdagi maktablarda bo‘ldi: “O‘qituvchilarimizning shart-sharoitlarini yaxshilash kelgusi strategiyamizning asosiy yo‘nalishi bo‘ladi”
Xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov maktablar faoliyati bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatida bo‘ldi.
O‘rganish jarayoni "Yangi kelajak kasblari" Markazidagi to‘garaklardan boshladi. Vazir bugungi kunda bolalarni zamonaviy bilim va kasb o‘rganishlariga ishtiyoqini oshirish, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish yuzasidan to‘garakning ustoz va murabbiylariga o‘z tavsiyalarini berdi.
“Bugun oldimizda turgan asosiy vazifa o‘quvchilarning saviyasini, ularni ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishdan iborat. Eng chekka hududlarda ham o‘quvchi jahon standartlari asosida ta'lim olishi lozim. Bunda esa o‘qituvchilarimizdan juda katta bilim, mehnat va fidoiylik talab etiladi. Buning uchun esa biz o‘qituvchilarimizning bilim berishlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilashimiz lozim va bu kelgusi strategiyamizning eng asosiy yo‘nalishi bo‘ladi”, — deya ta'kidladi vazir.
Shundan so‘ng vazir viloyatdagi fizika va matematika faniga ixtisoslashgan yangi maktab qurilishini borib ko‘rdi. Vazir yangi maktabda o‘quvchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek Baxtiyor Saidov Zomin tumanida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun qurilayotgan yozgi oromgohda bo‘ldi. Oromgohning havosi tozaligini e'tiborga olib, unda mavjud bo‘sh yer hududida o‘qituvchilarning dam olishi uchun ham sanatoriy qurish bo‘yicha taklifni ilgari surdi.
“Bunday bahavo yerda nafaqat o‘quvchilar balki ustozlar ham dam olishlari albatta bolalarimizning sifatli ta'lim olishlari uchun zamin yaratadi. O‘qituvchiga yaxshi shart-sharoitlar yaratib bersakkina, ular bizning kelajak avlodga sifatli ta'lim beradi”, — deya ta'kidladi vazir.
Jizzax shahridagi 22-Ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabi jamoasi bilan uchrashgan vazir, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, tabiiy fanlarni o‘qitishda amaliy mashg‘ulotlardan foydalanish, xususan, sifatli videokontentlar yaratish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi