O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish qat’iy ekani tasdiqlandi
2021-11-19 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 19-noyabr kuni tashrif bilan Rossiyaga keldi.
Oliy darajadagi muzokaralar Kremlda bo‘lib o‘tdi.
Vladimir Putin uchrashuv avvalida davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi va kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
- O‘zbekiston nafaqat eng yaqin qo‘shnimiz, balki ittifoqdoshimizdir. Biz O‘zbekistonni aynan shunday qabul qilamiz, - dedi Rossiya Prezidenti. – Bu yirik mintaqaviy davlat bo‘lib, bizlarni tarix nuqtai nazaridan ham, bugungi kunda ham ko‘plab jihatlar bog‘lab turadi.
Bugun O‘zbekiston tovar ayirboshlash hajmining 18 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda. Tovar ayirboshlash ko‘paymoqda: pandemiyaga qaramay, o‘tgan yili 15 foizdan ko‘proqqa oshgan. Bu ko‘rsatkich hatto murakkab davrda ham hamkorlik qilayotganimizni, hamkorligimiz muvaffaqiyatli kechayotganini aniq-ravshan ko‘rsatib turibdi.
Bugun ham birgalikdagi ishlarimiz mintaqaviy formatda, davlatlararo shaklda barcha yo‘nalishlarda davom etmoqda. Iqtisodiyot, gumanitar aloqalar, transport infratuzilmasi shular jumlasidan. Bu borada birgalikda ishlashimiz uchun katta maydon mavjud, ikkimiz muhokama qilib olishimiz lozim bo‘lgan masalalar juda ko‘p.
Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentiga taklif va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
– Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, keyingi yillarda munosabatlarimizda chinakam ulkan yutuqlarga erishildi – bunday ko‘rsatkichlar ilgari bo‘lmagan. Siz aytganingizdek, tovar ayirboshlash ortmoqda: to‘qqiz oy yakunida besh milliardni tashkil etdi, yil oxirida yetti milliard bo‘ladi. Munosabatlarimizda bunday raqam ilgari kuzatilmagan.
Bosh vazirlar boshchiligidagi Hukumatlararo komissiya juda jiddiy ishlamoqda – Siz qo‘llab-quvvatladingiz va jiddiy natijalarga erishilmoqda. Tashrifdan avval juda salmoqli ishlar qilindi. Uchta katta tadbir: hududlar, ta’lim va media forumlari o‘tkazildi.
Natijalarga kelsak, bugun 14 milliard dollarlik loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, hududlararo forum doirasida. Uch yil avval Siz bilan ushbu forumni boshlayotganimizda bunday tadbirlar yo‘q edi. Natija esa katta: hududlar uchrashmoqda, hamkorligimizga katta turtki bermoqda.
Bugungi uchrashuvimiz hududlararo aloqalar, ikki tomonlama hamkorlik, xavfsizlik masalalari, Afg‘oniston masalasini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyatdir, – dedi Prezidentimiz.
Umuman, Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi yillarda ushbu sohalarda chinakam ulkan yutuqlarga erishildi. Bosh vazirlar darajasidagi qo‘shma komissiya hamda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda. Hududlar o‘rtasida yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Birgina joriy yilda yuqori darajadagi 50 ta o‘zaro tashrif tashkillashtirildi.
2020-yilda o‘zaro savdo hajmi 5,6 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida ushbu ko‘rsatkich 6 milliarda yetib, yil yakuniga qadar 7 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda.
Keyingi to‘rt yilda O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga ko‘payib, qariyb 3 mingtani tashkil etmoqda.
Bugun yurtimiz iqtisodiyotida Rossiyadan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi va jadal o‘sishda davom etmoqda. Umumiy qiymati 14 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.
Prezidentlar iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarini qamrab olgan holda investitsiyaviy hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Bunda O‘zbekiston rahbarining tashrifi arafasida o‘tkazilgan II Hududlararo hamkorlik forumi natijalari ham muhim o‘rin tutadi. Zero, forum yakunida sanoat, energetika, transport va farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatiga doir yangi bitim va shartnomalar imzolandi.
Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta zaxiralar borligini qayd etdi. Shu munosabat bilan ustuvor sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratdilar.
Joriy yil may oyida Buxoroda Rektorlar anjumani, 16-17-noyabr kunlari esa Moskvada ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkazilgani ta’kidlandli. Forum yakunida sheriklikning yangi yo‘nalishlariga doir 35 dan ortiq bitimlar imzolandi.
Bugun Rossiya oliy ta’lim muassasalarining eng ko‘p xorijiy filiallari O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda ularning soni 15 tani tashkil etmoqda, shundan 12 tasi keyingi to‘rt yilda ochilgan.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Rossiyalik hamkorlar ko‘magida O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish tashkil etildi, Toshkentda Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filialini ochish ishlari yakuniga yetdi.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik tomonlarni qiziqtirgan masalalarga to‘xtalib o‘tdilar.
Mamlakatarimiz tashqi siyosat va mudofaa idoralari o‘rtasidagi ikki tomonlama maslahatlashuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Mintaqaviy xavfsizlik masalalari va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Rossiya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish borasidagi muhim sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.
Davlat rahbarlari BMT, MDH, ShHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.
Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan suhbat yakunida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Muzokaralar yakunida Prezidentlar Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Tashrif doirasida jami 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti