O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektron tijorat ma’murchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risida
2021-11-18 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021-yil 20-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan masalalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, elektron tijorat sohasidagi platformalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda akkreditiv bo‘yicha hisob-kitob tizimini joriy etish maqsadida:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining elektron tijoratning “Ochiq raqamli ekotizimi” axborot tizimlari majmuasini (keyingi o‘rinlarda – Raqamli ekotizim) 2022-yil 1-iyuldan boshlab to‘liq ishga tushirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali markazi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi Raqamli transformatsiya markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) etib qayta tashkil etilsin.
2. Markaz zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
Raqamli ekotizimni shakllantirish va uning operatori funksiyalarini bajarish;
mulkchilik shaklidan, idoraviy va tarmoqqa mansubligidan, hududiy joylashuvidan qat’i nazar, elektron tijorat platformalariga o‘zining mijozlar bazasidan teng foydalanishi hamda ularga xizmatlar ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish;
Raqamli ekotizimning “eskrou” tizimi funksiyalarini bajarishi munosabati bilan bitta shaxsiy hisobvaraqdan hisob-kitoblar va to‘lovlar hamda tomonlarning shartnoma majburiyatlari kafolatli (akkreditiv tamoyili bo‘yicha) bajarilishini ta’minlash.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
Raqamli ekotizimga integratsiyalashgan elektron tijorat platformalarida tovarlar va xizmatlarni sotish to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilishi shart. Bunda, narxi ko‘rsatilmagan tovar va xizmatlarni sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi;
2024-yil 1-yanvarga qadar Raqamli ekotizimga integratsiyalashgan elektron tijorat platformalari operatorlari uchun foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
tovarlar (xizmatlar) elektron savdosini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun, ular Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan yoki kiritilmaganligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 337 va 467-moddalariga muvofiq foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha pasaytirilgan soliq stavkalari qo‘llaniladi.
Moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Elektron tijoratning “Ochiq raqamli ekotizimi”ni tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Markaz Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar Raqamli ekotizim orqali soliq organlariga real vaqt rejimida ma’lumotlarni uzatish imkonini beruvchi elektron ma’lumotlar bazalarining o‘zaro integratsiyasini ta’minlasin.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qaror mazmun va mohiyatining, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i orqali keng tushuntirilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B. Voitov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 17-noyabr.
Manba: O'zA