O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSHning yirik farmatsevtika kompaniyasi tomonidan yaratilgan innovatsion yechimlar Oʻzbekistonda kardiologiya sohasiga joriy etish masalasi muhokama etildi
2021-11-15 | Innovatsiya
“Yurak-qon tomir kasalliklarining diagnostikasi va davolashda innovatsion yondashuvlar” mavzusida Kardiologlar xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova, sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari, AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum hamda AQSHning Abbott kompaniyasi vakillari uchrashdilar.
Abbot kompaniyasi dunyodagi eng yirik kimyo-farmatsevtika kompaniyalaridan biri boʻlib, Fortune 500 roʻyxatida uzoq yillardan beri oʻrin egallab kelmoqda. 1881-yildan faoliyat yuritib kelayotgan mazkur kompaniya farmatsevtika, tibbiyot sohasidagi ilgʻor texnologiyalarni yaratish, asbob-uskunalar va dori vositalari ishlab chiqarish, shuningdek yurak-qon tomir kasalliklarini jarrohlik yoʻli bilan davolash amaliyoti uchun zarur farmatsevtik mahsulotlar yetkazib berish bilan shugʻullanadi.
Uchrashuvda mazkur kompaniya tomonidan yaratilgan innovatsion yechimlarni Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimiga joriy etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Kardiologiya yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan olimlar, tibbiyot xodimlarining AQSHga stajirovkasi masalalari boʻyicha fikr almashildi. Yurak-qon tomir kasalliklarini tashxislash, erta diagnostika masalalari, xususan chaqaloqlarda kardiologik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha AQSH tajribasini oʻrganish zarurligi qayd etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi