O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda III Toshkent xalqaro biyennalesi bo‘lib o‘tdi

2021-11-13 | Madaniyat

12-noyabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida III Toshkent amaliy sanʼat xalqaro biyennalesi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir 2021 yilning 8-13 noyabr kunlari “Zamonaviy amaliy sanʼat: dekor va uslub” nomi ostida o‘tkazildi. Rasmiy yopilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgustdagi ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvida madaniyat, adabiyot va sanʼat, tasviriy va amaliy sanʼat yo‘nalishidagi dolzarb vazifalar belgilab berilganini taʼkidlagan holda biyennalening maqsadiga to‘xtalib o‘tdi.

“III Toshkent amaliy sanʼat xalqaro biyennalesining asosiy maqsadi zamonaviy amaliy sanʼatni jahon hamjamiyatiga namoyish qilish orqali milliy qadriyatlarni asrash, turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek unutilgan anʼanalarni tiklashdan iboratdir”, - dedi Aziz Abduhakimov.

Xalqaro biyennaleda Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Avstraliya, Keniya, Yaponiya, Xitoy, Pokiston, Turkiya, Ummon, Eron, Ozarboyjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Ukraina va Bolgariya kabi mamlakatlardan 60 dan ziyod amaliy sanʼat ustalari ishtirok etishdi. O‘zbekiston nomidan 100 dan ortiq hunarmand o‘z sanʼat asarlarini namoyish qildi.
Biyennale doirasida o‘zbek va xorijiy dekorativ sanʼati, milliy sopol mahsulotlari, xattotlik, miniatyura ishlari ko‘rgazmalari, kulolchilik va tasviriy sanʼat bo‘yicha mahorat darslari, yosh dizaynerlarning milliy va zamonaviy liboslar namoyishlari o‘tkazildi.

Ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali, Ikuo Xirayama Xalqaro madaniy karvonsaroyi, Toshkent fotografiya uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi hamda Tasviriy sanʼat galereyasida o‘tkazildi.

Dastur doirasida xorijiy amaliy sanʼat ustalari Samarqandga sayohat qilishdi va hududning madaniy hamda turistik salohiyati, shuningdek o‘zbek xalqining turmush tarzi, tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishishdi.

Biyennalening hakamlar xayʼati tarkibidan xorijiy mamlakatlarning nufuzli vakillari – Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasining Sanʼat va arxitektura instituti direktori Ertegin Salomzoda, Butunrossiya dekorativ sanʼati muzeyi rahbari Yelena Titova, YUNESKOning Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro eksperti Nadejda Jdravkova o‘rin olishdi.

Hakamlar xayʼati xulosasiga ko‘ra, quyidagilar sovrinli o‘rinlarni egallashdi:
1-o‘rin - Zarafshon Shakardodova, Dilmurod Sharipov (Tojikiston);
2-o‘rin - Ubolsin Daulenova (Qozog‘iston);
3-o‘rin - Irina Lebedeva (Rossiya).

Biyennale Gran-prisiga O‘zbekiston vakili – keramika sanʼati ustasi Abduvohid Karimov munosib ko‘rildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться