O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga
2021-11-13 | Siyosat
Hurmatli shifokorlar!
Qadrli soha faxriylari!
Avvalo, siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Jahon tibbiyot ilmining asoschilaridan biri, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino bobomiz aytganlaridek, odamlar dardiga darmon bo‘lmoq – ezgulik va olijanoblikning yuksak namunasidir.
Xalqimiz sizlarning timsolingizda o‘z hayotini ana shunday ulug‘ va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, el-yurt salomatligini asrash yo‘lida bor bilim va tajribasi, iste’dod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalarini ko‘radi hamda mashaqqatli mehnatingizni doimo munosib qadrlaydi.
Chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Aziz do‘stlar!
Mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lashda sog‘liqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham yurtimizda tinchlik va sog‘liqni ta’minlashga erishsak, qolgan hamma narsaga erishamiz, degan fikrni yana takrorlashni o‘rinli, deb bilaman.
Ayni shu maqsadda respublikamizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish va uning rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi besh yilda sohaga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari, jumladan, 2019-2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganini ta’kidlash lozim.
Tibbiyot sohasini moliyalashtirish hajmi yil sayin ortib bormoqda. Buni joriy yilda sohaga 18 trillion so‘mdan ziyod yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratilgani ham yaqqol tasdiqlab turibdi.
Mamlakatimizda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmog‘i yaratilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, tibbiyot muassasalari xalqqa yanada yaqinlashmoqda.
Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Buni birgina misol, ya’ni, qisqa davrda buyrak, jigar va o‘zak hujayralarda 700 dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganida ham ko‘rish mumkin.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha ishlar ko‘lami ham kengaymoqda. Xususan, homilador ayollar salomatligini doimiy nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani onalar va go‘daklar o‘limini sezilarli kamaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘tgan davrda patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda tashkil etildi. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir fuqaro salomatligini nazorat qilib borayotgani kasalliklarning oldini olish va aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishda katta rol o‘ynamoqda.
Davlat tibbiyot muassasalari bilan birga, xususiy klinikalar soni ko‘payib, ular 129 ta yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgani sohada sog‘lom raqobatni, aholi uchun tanlash imkoniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Muhtaram yurtdoshlar!
Koronavirus pandemiyasi butun dunyo qatori xalqimiz, ayniqsa O‘zbekiston tibbiyoti uchun ham jiddiy sinov bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. El boshiga ish tushgan ana shunday og‘ir va murakkab paytda birinchi bo‘lib yordamga shoshilgan, virus o‘choqlarida o‘z hayotini xatarga qo‘yib, bu xavfli kasallikka qarshi mardona kurashgan sog‘liqni saqlash xodimlariga ushbu quvonchli ayyomda yana bir bor minnatdorlik bildiramiz.
Aynan sizlarning sa’y-harakatingiz bilan pandemiyaga qarshi kurashning ilg‘or usul va vositalari ishlab chiqilib, amalda joriy etilmoqda. Hozirgi kunda aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda.
El-yurt salomatligini asrash va mustahkamlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini munosib rag‘batlantirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Buning tasdig‘ini ularning
ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, moddiy manfaatdorligini oshirishga qaratilgan ishlarimiz misolida ko‘rish mumkin.
Agar 2019-yildan buyon ushbu tizimda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizdan qariyb 550 nafari yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, kuni kecha imzolangan Farmonga ko‘ra yana 82 nafar tibbiyot xodimi davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldilar.
Fursatdan foydalanib, ularning barchasini ushbu munosib e’tirof bilan chin dildan tabriklayman.
Hurmatli soha xodimlari!
Xalqimiz salomatligini saqlash va mustahkamlash biz uchun bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi. Kelgusida sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, yaqin besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish belgilangani bu boradagi rejalarimiz ko‘lamidan dalolat beradi.
Asosiy vazifamiz – tibbiyot sohasini yuqori samara bilan ishlaydigan, chinakam xalqchil tizimga aylantirishdan iborat.
Bu borada sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, aholi orasida eng ko‘p tarqalgan va erta o‘lim holatlarining asosiy sababi bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini o‘tkazish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha samarali choralar amalga oshiriladi.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsad – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina qodir bo‘lishini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.
Ana shunday baland marralarga erishishda el-yurtimiz dardiga hamisha darmon bo‘lib kelayotgan siz, azizlar, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va malakangizni ayamasdan mehnat qilasiz, deb ishonaman.
Sizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, aziz shifokorlar!
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti