O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo-mamlakatlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2021-11-12 | Siyosat

“Turkiya va turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar” konferensiyasi doirasida turkiy davlatlar uchun bir xil iqtisodiy nigohlarni belgilash maqsadida vazirlar yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Turkiya Respublikasi savdo vaziri M.Mush, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri M.Jabborov, Qozog‘iston Respublikasi milliy iqtisodiyot vaziri A.Irgaliev, Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri D.Amangeldiev ishtirok etdi.  Uchrashuvda Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar hukumatlari vakillari ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi tadbirlar haqida fikr almashdilar. Mushtarak qarashlar asosida savdo, investitsiyalar, sanoat, transport aloqalarini rivojlantirish, elektron tijorat va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, biznes va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlaridan foydalanish masalalarini aks ettiruvchi yaqin va o‘rta muddatli iqtisodiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi.

Xususan, investitsiyaviy muhitni tizimli takomillashtirish bo‘yicha mustahkam qonunchilik bazasini yaratish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlarni jalb qilish muhimligi qayd etildi.
 
Uchrashuv ishtirokchilari mintaqa ichida va transchegaraviy savdoni rivojlantirish orqali turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rishni qo‘llab-quvvatladilar. Turkiy kengashga a'zo davlatlar o‘rtasida imtiyozli va erkin savdo rejimlarini o‘rnatish, me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, bojxona tartib-taomillarini standartlashtirish hamda mavjud tarif va notarif to‘siqlarni olib tashlash ishlari ham jadallashtiriladi.
 
Turkiy Kengashga a'zo mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari uchun biznes aloqalarni faollashtirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida bevosita munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida muntazam ravishda biznes-forumlar, savdo missiyalari va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish dolzarbligi yuzasidan yakdil fikrga kelindi.
 
Iqtisodiyotning turli tarmoqlariga “yashil” texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga urg‘u bergan holda energetika sohasidagi hamkorlikka o‘zaro tayyorlik ham bildirildi.
 
Yig‘ilish ishtirokchilari mintaqa mamlakatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirish, jumladan, transport-logistika infratuzilmasini kengaytirish va modernizasiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etish chora-tadbirlariga alohida e'tibor qaratdilar.
 
Tadbir yakunlari bo‘yicha bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, mintaqaning ichki bozorlarini rivojlantirish maqsadida Kengashga a'zo davlatlar tadbirkorlari va eksportchilari bevosita o‘zaro hamkorlik qilishlari uchun yagona elektron savdo maydonchasini yaratish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishildi. Tomonlar, shuningdek, mintaqalararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqadilar.
 
Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar “yashil” texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shma "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqib, tasdiqlashlariga hamda 2022-yil sentyabrida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yashil energetika” xalqaro forumida o‘z vakillarining ishtirokini ta'minlashlariga kelishib olindi.
 
Bir qator qo‘shma tadbirlar, jumladan, turkiy tilli davlatlar sanoat hamkorligi bo‘yicha birinchi Forumini, shuningdek, Kengashga a'zo mamlakatlarning yoshlar vakillari ishtirokida har yili Yosh tadbirkorlar Forumini o‘tkazishga kelishib olindi. Shu o‘rinda, tomonlar Kengashga a'zo mamlakatlar IT va texnoparklarining hamkorlik dasturlari doirasida yoshlar tadbirkorligi va startaplarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
 
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan tashabbuslarni amalda joriy qilish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar va ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilish shakllarini belgilab oldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться