O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda laboratoriya asbob-uskunalari va reagentlar saqlanadigan omborxona quriladi
2021-11-11 | Innovatsiya
Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov LMS Consult GmbH & Co.KG kompaniyasi bosh direktori Shteffen Beurmayster bilan uchrashdi.
Muzokaralar natijasida kompaniya investitsiyalari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari va kimyoviy reagentlarni saqlashga moʻljallangan maxsus omborxona hamda reagent va reaktivlar sotuvini tashkil etish boʻyicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Birinchi bosqichda, maydoni 1000 m2 boʻlgan omborxona ijaraga olinadi, uni jihozlashga va loyihani dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun 100 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi koʻzda tutilgan. Ikkinchi bosqichda, omborxona maydoni 2000 m2 gacha kengaytirilishi rejalashtirilgan va buning uchun kompaniya qoʻshimcha 200 ming AQSH dollari yoʻnaltirishini maʼlum qilindi.
Hozirgi kunga qadar LMS Consult GmbH (Germaniya) kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalarga asosan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 494,3 ming AQSH dollarlik laboratoriya asbob-uskunalari yetkazib berilgan. Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar 322,6 ming AQSH dollarlik shartnomalar imzolanadi va jamgʻarma tomonidan akkreditiv orqali moliyalashtiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi