O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari o‘rganilmoqda

2021-11-10 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holatini o‘rganish, investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish hamda sanoat va eksport salohiyatini yuksaltirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yo‘l oldi.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida kichik guruhlar tuzildi. Ularning vazifasi joylarga chiqib, vaziyatni o‘rganish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash hamda ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.
 
Hududiy investitsiya dasturining amalga oshirilishi o‘rganildi. Tuman va shaharlar kesimida mavjud masalalar ko‘rib chiqilib, mutasaddi rahbarlarga ularni hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
 
Komissiya tashrifi davomida aniqlangan muammoli masalalarni hal etishda tadbirkorlarga amaliy ko‘mak berish bo‘yicha Hukumat komissiyasining oldingi ko‘rsatmalarining bajarilishi ko‘rib chiqildi. Vazirlik, idora va tijorat banklarining ayrim rahbarlariga tegishli topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan tanqidiy e'tirozlar bildirildi hamda faoliyatlarida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor va samarali chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi. Tadbirkorlar va investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga moliyaviy resurslarni o‘z vaqtida ajratish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.
 
Investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash hamda ularni hayotga tatbiq etish jarayonlariga tizimli yondashish, shuningdek, ishga tushirilgan korxonalar va sanoat ob'ektlari faoliyatini monitoring qilish asosida ishlab chiqilgan investitsiyalar va eksport faoliyatini rag‘batlantirishning yangi ishlab chiqilgan mexanizmi taqdim etildi. Yangi mexanizm mamlakatimiz tuman va shaharlarining iqtisodiy va sanoat salohiyatidan to‘la foydalanishga, ularning jadal va bir me'yorda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan.
 
Yangi mexanizm doirasida Nukus shahri va respublikaning barcha 16 ta tuman hokimliklari huzurida foydalanilmayotgan yer uchastkalari, bino va inshootlar, tabiiy va infratuzilmaviy resurslarni hisobga olgan holda ishga solinmagan imkoniyatlarni tahlil qiluvchi loyiha guruhlari tashkil etiladi. Ularning tahlili asosida loyiha guruhlari tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyalarini ishlab chiqadilar. Loyiha guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi huzurida tashkil etilgan Loyiha ofisi tomonidan amalga oshiriladi.
 
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi mutaxassislari shakllangan strategiya va rivojlanish konsepsiyalari asosida u yoki bu tumanning o‘ziga xos xususiyatlari va iqtisodiy salohiyatiga moslashtirilgan istiqbolli investitsiyaviy takliflarni shakllantiradilar.
 
Investorlar va loyihalarni moliyalashtirish manbalarining tanlovi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tomonidan mahalliy hokimiyat organlari hamda mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda mahalliy tadbirkorlar va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida amalga oshiriladi. Bunda, O‘zbekiston Respublikasining To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlarning yirik loyihalarini birgalikda moliyalashtirish imkoniyatlari ham nazarda tutilmoqda.
 
Yig‘ilish yakunida tegishli rahbarlarga yangi mexanizmni amalda joriy etish, shuningdek, hududda samarali ishlarni tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться