O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov rahbarligida videokonferensiya shaklida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining joriy ko‘rsatkichlari, shuningdek, investitsiyalarni jalb etishni yanada rag‘batlantirish, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiya dasturlarini amalga oshirish va investitsiya loyihalarining joriy etilishi ko‘rib chiqildi. Shu yilning dastlabki 10 oyida 6,8 mlrd dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani ma'lum qilindi. Umumiy qiymati 75,5 trln so‘m bo‘lgan 10 112 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va natijada 142,8 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Yil oxirigacha yana 3145 ta yangi investitsiya loyihasini foydalanishga topshirish hamda jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdorini 8,1 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish va uzluksiz ishlashini ta'minlash maqsadida ularning har biriga vazirliklar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimliklar rahbarlari biriktirildi. Mutasaddilar loyihalarning amalga oshirilishi ustidan kunlik monitoring olib boradilar va yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni hal etishda barcha imkoniyatlarni ishga soladilar.
Mavjud muammolar tahlili va ularning yechimini nazarda tutgan holda to‘la quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish muhimligi qayd etildi. Mas'ul rahbarlarga ishlab chiqaruvchilarni loyiha quvvatlariga olib chiqish bo‘yicha aniq tadbirlarni mujassam etgan manzilli “Yo‘l xaritalarini” shakllantirish va tasdiqlash topshirildi.
Xuddi shu tartibda eksport faoliyatining ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Joriy yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra, eksport hajmining ko‘rsatkichi o‘tgan yildagisiga nisbatan 30% ga oshganligi qayd etildi. Tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining eksport hajmini joriy yil oxirigacha rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi. Har bir eksport qiluvchi korxona uchun aniq muddatlar, hajmlar va mahsulot xaridorlari ko‘rsatilgan eksportga yetkazib berish jadvallarini ishlab chiqishga ko‘maklashish, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida eksportchilar bilan yaqindan hamkorlik qilish mexanizmini yo‘lga qo‘yishga oid ko‘rsatmalar berildi.
Ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni gaz va energiya bilan uzluksiz ta'minlash choralarini ko‘rish zarurligi ta'kidlandi. Tijorat banklari rahbarlariga korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq aniq topshiriqlar berildi. O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatiga alohida e'tibor qaratildi. Bunda mahalliy mahsulotlarga buyurtmachilarni topish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy ishbilarmonlar vakillari o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatishga ko‘maklashish, shuningdek, eksportga yetkazib berishni amalga oshirish bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor javob berishga urg‘u berildi.
Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ko‘rib chiqilgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zilarining kelgusidagi rejalari haqida hisobot berib, belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar olishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi