O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senat raisi Yaponiya elchisi bilan «O‘zbekiston-Yaponiya» parlamentlararo forumi doirasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari xususida fikr almashdi
2021-11-03 | Siyosat
O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha Yaponiya elchisi Yoshinori Fudjiyamani qabul qildi.
Parlament yuqori palatasidan ma’lum qilinishicha, elchi 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi, mamlakatda xorijiy davlatlar bilan hamkorlik borasida olib borilayotgan siyosatga yuqori baho berdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq masalalarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Birlashgan millatlar tashkiloti loyihalari doirasida qishloq joylardagi ayollarni qo‘llab – quvvatlash borasidagi ijobiy ishlar qayd etildi.
Savdo, investitsiya, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ilm-fan va ta’lim sohalarida aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti ikki tomonlama hamkorlikning muhim mexanizmi ekani ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida «O‘zbekiston-Yaponiya» parlamentlararo forumi doirasidagi aloqalarni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama etildi. Uchrashuvda uning navbatdagi majlisini 2022-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi.
O‘zaro qiziqish uyg‘otgan ko‘plab sohalarda manfaatli hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi