O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qutlovlar

2021-10-29 | Siyosat

Mamlakatimizda 2021-yil 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan uning nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni davlat rahbari saylovida ishonchli g‘alabaga erishganingiz bilan chin dildan qutlayman.

Ovoz berish natijalari Sizning yuksak siyosiy obro‘ingizni, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va uning manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qilishga qaratilgan siyosatingiz qo‘llab-quvvatlanayotganini to‘la-to‘kis tasdiqladi.

Siz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga katta shaxsiy hissangizni qo‘shyapsiz. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan bundan buyon ham sherikligimizni turli sohalarda kengaytirishimiz, mintaqa va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda konstruktiv hamkorlik qilishimizga ishonaman. Bu, hech shubhasiz, Rossiya va O‘zbekistonning do‘st xalqlari manfaatlariga javob beradi, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadlariga mos keladi.

Chin qalbimdan davlat lavozimidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘lik va baxt-saodat tilayman.

Hurmat bilan,

Vladimir Putin,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati Xitoy Hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Sizning davlat rahbari sifatidagi faoliyatingiz davrida mamlakat jadal rivojlanishga erishdi, yangi qiyofa kasb etmoqda hamda shu orqali Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga muhim hissa qo‘shmoqda. Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston davlat qurilishining barcha sohalarida yangi muvaffaqiyatlarga albatta erishadi, deb ishonaman.

Diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganidan buyon Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik muttasil mustahkamlanib bormoqda. Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdaman hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik solnomasida Siz bilan birgalikda yangi sahifa ochish uchun barcha sa’y-harakatlarni qaratishga tayyorman.

Sizga mustahkam sog‘lik va barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Do‘st O‘zbekistonga ravnaq va qudrat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari,

Prezident saylovidagi yorqin g‘alabangiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib ikkinchi muddatga saylanganingiz mamlakat xalqining Sizning rahbarligingiz va rahnamoligingiz ostida amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchi ramzidir. Bu O‘zbekistonning demokratik yo‘lda erishgan ulkan muvaffaqiyatlarini ham aks ettiradi.

Sizning qayta saylanganingiz haqidagi xabarni men katta mamnuniyat ila qabul qildim, chunki bu shaxsan biz uchun O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish yo‘lidagi hamkorlikni davom ettirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ikkimiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lida jadal ishlaganimiz juda quvonarlidir, bu esa, o‘z navbatida, yuqori darajadagi muntazam siyosiy almashinuvlar, ikki tomonlama aloqalarimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha, xususan, koinot, fuqarolik atom energetikasi, ta’lim va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishda yangi yo‘nalishlarni ochib berdi. Ko‘p tomonlama forumlar doirasidagi hamkorligimiz ham namunali bo‘ldi.

Sizga ikkinchi Prezidentlik muddatingizda muvaffaqiyatlar tilayman va Siz bilan yaqindan hamkorlik qilishdan umidvorman. Fursatdan foydalanib, Sizga va oila a’zolaringizga mustahkam sog‘lik, baxt va farovonlik tilayman.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Narendra Modi,

Hindiston Respublikasi Bosh vaziri

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Respublika Prezidentligiga qayta saylanganingiz munosabati bilan Sizga ushbu yuksak lavozimdagi vakolatlarni bajarishda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Ishonchim komil, Italiya tomonidan yuqori qiziqish bilan qaralayotgan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi yaqin besh yilda yanada rivojlanish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, mamlakatingizning yuksak marralarni ko‘zlovchi islohotlarni amalga oshirish hamda Toshkent va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi munosabatlar a’lo darajada ekanining dalili sifatida Samarqand shahrida navbatdagi “Italiya – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvining tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etib, Sizga va barcha yurtdoshlaringizga farovonlik va ravnaq tilaklarimni yo‘llayman.

Serdjo Mattarella,

Italiya Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yo‘llashdan behad mamnunman.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqi va hukumatiga doimiy taraqqiyot va ravnaq tilab qolaman.

Yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga do‘stona tabrik va birodarona tilaklarimni yo‘llashdan behad mamnunman.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘liq, omonlik va baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqi va hukumatiga davomiy rivoj va ravnaq tilab qolaman.

Yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz,

Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti,
Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va iliq tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat xursandman.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqi va hukumatiga bardavom ravnaq va farovonlik tilab qolaman.

Chuqur ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari

Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, Abu Dabi valiahdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va iliq tilaklarimni yo‘llashdan benihoya mamnunman.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sog‘lik-omonlik va baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqi va hukumatiga ravnaq va taraqqiyot tilab qolaman.

Chuqur ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Siz Janobi Oliylariga iliq salomlarimni yo‘llagan holda Sizga sihat-salomatlik va omonlik, do‘st O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va ravnaq tilashdan behad mamnunman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga samimiy tabriklarimni izhor etishdan bag‘oyat xursandman. Bu esa xalqingizning Sizga bo‘lgan ishonchini aks ettiradi. Qodir Allohdan Sizga mamlakatingiz xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar, yurtingizga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik ato etishini so‘rayman. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari yanada rivojlanishini tilab qolaman.

Yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabriklarimizni izhor etish bizga katta mamnuniyat baxsh etadi.

Kelgusi lavozimingiz davomida halqlarimiz farovonligi yo‘lida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga bo‘lgan sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.

Fursatdan foydalanib, do‘st O‘zbekiston halqining yanada taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi intilishlarini ro‘yobga chiqarishida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Haysam bin Toriq Ol Said,

O‘mon Sultoni

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Manba: O'zA

Поделиться