O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xotin-qizlari ilm-ma’rifatli yurtning kelajagi ham buyukdir
2021-10-27 | Jamiyat
Qaror va ijro. Ayollari e’zozlangan mamlakatda fayzu baraka, tinchlik-xotirjamlik hukmron bo‘ladi, deyishadi. Darhaqiqat, xotin-qizlarga har jihatdan hurmat-e’tibor ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash davlatning insonparvarlik siyosatidan dalolat, jamiyatda mehr-oqibatlilik muhiti ustuvorligidan darak.
Mamlakatimizda ham xotin-qizlarga keng imkoniyat yaratish, ularning o‘z salohiyatini namomyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, imtiyozlar berish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Aynan ushbu yo‘nalishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ayni paytda muayyan sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator vazifalar o‘z aksini topgan.
Mazkur qaror ijrosin ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni tegishli hokimliklar hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etildi. Bunda o‘qish uchun to‘lov pullari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan, shuningdek, moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar oliy ta’lim olishlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Mazkur nizomda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish maqsadida talabgorlarni tanlab olish mezonlari, shartlari va shu maqsadda mahalliy hokimliklar huzurida tashkil etilayotgan komissiyalar faoliyati, tanlangan 100 nafar talabgorlarga to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish tartibi o‘z aksini topgan.
Qarorga ko‘ra, mazkur tartib 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab joriy qilindi. Xo‘sh, bu borada oliy ta’lim muassasalarida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Qaror ijrosi doirasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti vakillariga yuzlandik.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida universitetimiz tomonidan ham aniq choralar ko‘rilmoqda, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Jamoliddin Mamanov. – Avvalo, ta’kidlash joizki, ushbu qaror doirasidagi talabgorlarni tanlab olishning o‘z mezonlari mavjud. Ya’ni, otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar hamda boquvchisi yo‘q ehtiyojmand yolg‘iz ayollar tanlab olinadi. Xususan, universitetimizda joriy o‘quv yilida xotin-qizarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika miqyosida ajratilgan 4 foizli kvota asosida 5 nafar qizlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Shuningdek, 2-4 kurslarda tahsil olayotgan 18 nafar ehtiyojmand talaba-qizlar tanlab olinib, ularning hujjatlari tegishli viloyat hokimliklariga yuborilgan, to‘lov-kontrakt pullarini to‘lashda amaliy yordam berishlari bo‘yicha rasmiy xatlar jo‘natilgan. Ta’kidlash joizki, bu boradagi chora-tadbirlar muhtoj qizlarni, boquvchisi yo‘q ehtiyojmand yolg‘iz ayollarni qo‘llab-quvvatlash barobarida, ularning hayotga, kelajakka bo‘lgan intilishini orttiradi, orzu-umidlari sari harakat qilishiga motivatsiya beradi.
Darhaqiqat, xotin-qizlari ilmli, ma’rifatli bo‘lgan yurtning kelajagi ham buyuk bo‘ladi, ziyo nuri bilan ravnaq topadi. Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar hamda boquvchisi yo‘q ehtiyojmand yolg‘iz ayollarning oliy ta’limga ega bo‘lishi uchun qulayliklar yaratilgani ushbu toifadagi xotin-qizlarga katta ruhiy madad beradi. O‘z kelajagiga, ertasiga bo‘lgan ishonchi va umidini yanada mustahkamlaydi. Inson qadr-qimmati e’zozlangan yurtda mamnun va baxtiyor yashashiga turtki bo‘ladi.
Manba: O'zA