Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Markaziy Osiyo mamlakatlarida energetika, suv va yer resurslarini samarali rivojlantirish bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda “Markaziy Osiyo mamlakatlarida energetika, suv va yer resurslarini samarali rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi muloqot” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan Germaniya Federal Atrof–muhitni muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda “energiya – suv resurslari – yer resurslari” o‘zaro bog‘liqligini transformatsiya qilish” to‘rt yillik loyihasini ishga tushirishga tayyorgarlik bosqichi sifatida tashkil etildi.
Anjumanda Investisiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari – Strategik rivojlanish agentligi Bosh direktori L.Qudratov, Tashqi ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbariyati, Germaniyaning O‘zbekistondagi muhtor elchisi T.Klinner, Germaniya Federal atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi direktori Yu.Kaynhorst, IHTT atrof-muhitni himoya qilish masalalari bo‘yicha direktori R.Leysi, IHTT “yashil” o‘sish va global aloqalar bo‘limi boshlig‘i K.Kittamori, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, BMT TD, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Markaziy osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YeIK) vakillari ishtirok etishdi.
2022 -ilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur loyihaning asosiy maqsadi energiya, suv va yer resurslari samaradorligini oshirish bilan bog‘liq loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb etishning natijador vositalarini ishlab chiqishdan iboratdir. Loyiha doirasida mintaqa mamlakatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishi va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash uchun asosiy omillarni o‘rganish va aniq yechimlarni ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.
Anjuman davomida iqlim o‘zgarishining salbiy ta'siridan so‘ng Markaziy Osiyodagi hozirgi ekologik vaziyatni, shuningdek, taklif etilgan to‘rt yillik loyiha vazifalari va uning mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi o‘rni kabi mavzularni ochib beruvchi taqdimotlar o‘tkazildi.
Xorijiy ekspertlar tomonidan mazkur loyiha Markaziy Osiyo davlatlarida koviddan keyingi davrda energiya, suv va yer resurslaridan foydalanishda kompleks va oqilona yondashuv orqali iqtisodiy faollikni tiklashni kuchaytirishda yordam berishi ta'kidlab o‘tildi.
Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda yuzlab loyihalar amalga oshirilganligi alohida ta'kidlandi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi ekotizimini tiklash va to‘g‘ri boshqarish iqtisodiyot rivojining va atrof-muhit muhofazasining muhim asoslaridan biri ekanligi bildirildi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari, hamda mahalliy va xorijiy hamjamiyat vakillari, rivojlanish hamkorlari va donor mamlakatlarning faol ishtirokida Orol dengizini qayta tiklashda o‘z sa'y-harakatlarini birlashtirishi va qat'iy choralar ko‘rishlari lozimligi ta'kidlandi.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish va energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni ta'minlashga qaratilgan ko‘p tomonlama muloqotni rivojlantirish zarurligi to‘g‘risida umumiy pozisiya ishlab chiqildi. Kelajakda rejalashtirilgan loyihani ishga tushirishda birgalikda harakat qilish hamda uni amalga oshirish doirasida hamkorlik qilish yo‘nalishlari belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi