O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Madaniyat saroyi zamonaviy sharoitda faoliyat boshladi
2021-10-18 | Madaniyat
Davlatimiz rahbari Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyini borib ko‘rdi.
Bu muassasa shaharning diqqatga sazovor maskanlaridan biri. 1958-yil foydalanishga topshirilgan binoning o‘zi bir tarixiy asar. O‘tgan yillar mobaynida bu yerdan ko‘plab iste’dodli san’atkorlar yetishib chiqqan.
Joriy yilda madaniyat saroyi ta’mirlandi. Bino va favvora asl holini saqlagan holda restavratsiya qilindi. Zamonaviy sovutish va isitish tizimi, ovoz kuchaytirish moslamalari o‘rnatildi. To‘garak xonalari zarur mebel va jihozlar bilan ta’minlandi. Shu tariqa, bu yer yana odamlarning, ayniqsa, yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Bugungi kunda “Besh tashabbus” doirasida tashkil etilgan to‘garaklarda 300 dan ziyod o‘g‘il-qiz shug‘ullanmoqda.
Prezidentimiz bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, mashg‘ulotlar jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Madaniyat saroyida 700 o‘ringa mo‘ljallangan konsert zali bor. Shu yerda bolajonlar kuy-qo‘shiqlar ijro etdi.
Davlatimiz rahbari ularning o‘qish va ijodiga muvaffaqiyat tilab, ustozlariga minnatdorlik bildirdi. Mutasaddilarga madaniyat saroyi faoliyatini kengaytirish, to‘garaklar va ijodiy jamoalarni doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga safari yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkent shahriga qaytib keldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti