O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Хalq taʼlimi Vazirligida BAA elchisi bilan taʼlimdagi Hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2021-10-06 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Birlashgan Arab Amirliklarining Oʻzbekistondagi elchisi janob Said Matar Al Kezmi bilan uchrashdi. Uchrashuv avvalida ikki mamlakat oʻrtasida xalq taʼlimi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash mavzusida soʻz bordi. Vazir elchiga taʼlim sohasidagi hamkorlik xususan, “Bir million dasturchi” loyihasini Oʻzbekiston maktablarida muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi koʻmagini alohida taʼkidlab, minnatdorlik bildirdi.
Elchi, oʻz navbatida, “Bir million dasturchi” loyihasida koʻplab maktab oʻquvchilari ishtirok etish istagini bildirganidan quvonganini bildirdi. Shuningdek, soʻnggi yillarda mamlakatda taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar boʻyicha taassurotlarini oʻrtoqlashdi. Uchrashuv chogʻida tajriba almashish uchun ikki mamlakat oʻrtasida almashinuv dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Elchi sifatli taʼlim olish yoki yaxshi maoshli ish topa olish uchun chet tillarini, xususan ingliz tilini oʻrganishning ahamiyati haqida gapirdi. Xalq taʼlimi vaziri tomonidan “English Speaking Nation” hamda “IT-Nation” kabi ikkita katta kompleks dastur haqida batafsil maʼlumot berdi. Uchrashuv yakunida BAAning nufuzli oliy oʻquv yurtlariga oʻzbekistonlik maktab bitiruvchilarini qabul qilish imkoniyatini oshirish, uzluksiz taʼlim olish uchun tayyorgarlik tayanch kurslarini tashkil etish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi