Toshkentda Turkmaniston Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi arafasida O‘zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
Xorijiy delegatsiyaga Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari E.Orazgeldiev, O‘zbekiston delegatsiyasiga esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov boshchilik qildi.
Tadbirda asosiy vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va assosiasiyalari, savdo - sanoat palatalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari, jami 100 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari o‘z chiqishlarida ikki Davlat rahbarlarining sa'y-harakatlari tufayli erishilgan O‘zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy hamkorligi rivojlanishining jadal sur'atlarini qayd etdilar. Jumladan, so‘nggi bir necha yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 3 barobar oshdi va barqaror o‘sishda davom etmoqda. Joriy yilning dastlabki 8 oyida pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta'siriga qaramasdan o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25% o‘sishni ko‘rsatdi.
E.Orazgeldiev Turkmaniston qishloq va suv xo‘jaligi, sanoat, energetika, savdo, transport va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotganini ta'kidladi. Sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, innovasion texnologiyalar va ikki davlatni bog‘lovchi transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ishga solinmagan salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotlarining mavjud resurslari va imkoniyatlarini safarbar qilish dolzarbligini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, yirik investisiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo bitimlarini tuzishni ko‘zlagan holda, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha birgalikda samarali ishlarni olib borishga doir muntazam muloqot o‘rnatish muhimligi ta'kidlandi.
O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotlarining qiyosiy afzalliklarini hisobga olgan holda ikki mamlakat hududida qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda uzluksiz qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda avtomobilsozlik, elektrotexnika va charm-poyabzal sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda boshqa tarmoqlarda erishilgan muvaffaqiyatlar qayd etildi.
Delegatsiyalar rahbarlari so‘zlarining yakunida forum ishtirokchilarini qo‘shma loyihalar va savdo bitimlarini amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishish maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Forum davomida ikki mamlakat turli tarmoqlarining investisiyaviy, sanoat va savdo salohiyatini ochib beruvchi taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Made in Uzbekistan” sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurib, unda o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, ikki mamlakat tadbirkorlari bir qator V2V uchrashuvlarini o‘tkazib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Forum yakunida qishloq xo‘jaligi, kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmasevtika sanoati, vinochilik, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qator investisiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi