O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat byudjetining 2021-yil I yarim yillikdagi xarajatlari qanchani tashkil etdi?
2021-09-29 | Iqtisodiyot
Oliy Majlis Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yilning birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.
Taʼkidlangandek, 2021-yil yanvar-iyun oylarida respublikamiz iqtisodiyotining YAIM hajmi 6,2 foizga oʻsib, dunyoda kechayotgan pandemiyaga qaramay 318,5 trillion soʻmni tashkil etdi.
Iqtisodiy oʻsish sanoatda 8,5 foiz, qurilishda 0,1 foiz, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida 1,8 foiz hamda xizmatlarda 8,0 foizga oʻsgan. Inflyatsiya darajasi yil boshidan 4,4 foizni, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa 10,9 foizni tashkil etgan.
Davlat byudjeti daromadlari 2021-yil 1-yarim yilligida 74,9 trillion soʻmni tashkil etib, prognozga nisbatan 107,8 foizga yoki 5,4 trillion soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trillion soʻmga oshgan.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha joriy yil yanvar-iyun oylarida soliq toʻlovchilarga respublika byudjetidan 7,6 trillion soʻm, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobardan koʻp mablagʻ qaytarib berilgan.
Davlat byudjetining 2021-yil 1-yarim yilligi xarajatlari davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 79 trillion 331,9 milliard soʻmni aniqlangan reja koʻrsatkichlariga nisbatan 96,9 foiz yoki YAIM ga nisbatan 24,9 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 118,9 foiz, xarajatlar qismi rejaga nisbatan 97,3 foizga ijro etilgan.
Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish boʻyicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad koʻrsatkichi 2 trillion 639 milliard soʻm ortigʻi bilan ijro etilgan.
2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari yillik prognozga nisbatan 44 foizga (18 trillion 353,1 milliard soʻmga) bajarilishi ham oʻz navbatida, aholini ijtimoiy himoyalash va kambagʻallikni qisqartirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirish imkonini bergan.
Majlis davomida byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Moliya vazirligi tomonidan:
Davlat byudjetidan ichimlik va oqava suv obyektlari uchun ajratilgan mablagʻlarni maqsadli xarajat qilish ustidan nazorat oʻrnatish;
ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya loyihalari dasturlari uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishi hamda Xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, suv xoʻjaligi vazirliklari va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan byudjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat samaradorligi indikatorlari ijrosi yuzasidan moliyaviy nazoratni oʻrnatish;
Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitalari bilan birgalikda davlat byudjetiga daromadlarni oʻz vaqtida va toʻliq tushishini taʼminlash, soliq qarzi va ortiqcha toʻlov miqdorlarini qisqartirish borasidagi ishlarni samarali tashkil qilish;
soliqlarning yigʻuvchanlik darajasini oshirish, qoʻshimcha daromad manbalari hamda yashirin iqtisodiyot tarmoqlarini aniqlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»