Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumani “Bo‘zatov” shahar fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi hamda hududdagi Berdaq va Andijon ko‘chalarida istiqomat qiluvchi turli aholi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida mahalla va ko‘chalarni obodonlashtirish, yo‘llarni tekislash, shuningdek, aholiga yanada qulay shart-sharoit yaratish borasida fuqarolar bilan suhbat olib bordi.
Shuningdek, muloqot davomida aholi, shu jumladan yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida nuroniylar tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha sektor rahbarlari va tegishli soha vakillariga zarur topshiriqlar berildi.
Vazir R.Mamatov shu kunning o‘zida “Bo‘zatov” shahar fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Qoraqalpog‘istonning 60 yilligi ko‘chasida istiqomat qiluvchi Juginis Jumanazarovlar xonadoniga tashrif buyurdi hamda oila a’zolari bilan suhbatlashdi.
Suhbat davomida Davlatimiz rahbarining Bo‘zatov tumaniga tashrifidan so‘ng hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, aholi turmush tarzida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Vazir R.Mamatov Mo‘ynoq tumaniga tashrifi davomida hududdagi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholiga tegishli moddiy yordam mablag‘larini tarqatish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, moddiy yordam mablag‘larini har bir fuqarolar yig‘inlari kesimida, “Xalq banki”ning tumani bo‘limi sayyor kassalari orqali oilalarga manzilli va o‘z vaqtida yetkazish bo‘yicha mutasaddi tashkilot vakillariga zarur tavsiyalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi