O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat rahbari Nukusdagi yangi klinika faoliyati bilan tanishdi
2021-09-22 | Sog‘liqni saqlash
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti huzuridagi bolalar klinikasini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbari bundan to‘rt yil oldin uning qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi. Mazkur majmua shu oyda foydalanishga topshirildi.
Klinika statsionar sharoitda yiliga 3 ming 600 nafar, ambulator tarzda 22 ming 400 nafar bemorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Bu yerda tug‘ma va surunkali kasalligi bor bolalarga yuqori texnologiyalar asosida tashxis qo‘yiladi va davolanadi. Bolalar kardioxirurgiyasi, kichik invaziv xirurgiya, neyroxirurgiya, oftalmologiya, otorinolaringologiya, yuz-jag‘ xirurgiyasi, ortopediya va ginekologiya bo‘limlari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
Shifoxonada 300 ga yaqin kishi ishlaydi. Professor-o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstriya, Rossiya kabi mamlakatlardagi ilg‘or klinikalarda tajriba orttirib kelgan.
Prezidentimiz bu yerda davolanayotgan bolalarni ko‘rib, onalari bilan suhbatlashdi.
- Onalarning baxti - farzand. Ana shu baxtni asrash, bemor bolalarning tezroq sog‘ayishi, sog‘lomlari kasal bo‘lmasligi uchun hamma harakatlarni qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Institutda tibbiy ta’lim, ilm-fan va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda amaliyot o‘tayotgan institut talabalari bilan ham muloqot qildi. Tibbiy ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalari bo‘yicha dars soatlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti