Prezident maktablari samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 18-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida videokonferensiya shaklida shu yilning 10- sentyabr kuni Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablar samaradorligini oshirish masalasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilish davomida Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarga muvofiq yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi va mamlakatning xorijdagi diplomatik missiyalari rahbariyati ishtirok etdi. Prezident ta'lim muassasalari Agentligi rahbariyati Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablarning bugungi faoliyati, shuningdek, qisqa va o‘rta muddatli rejalari haqida batafsil ma'lumot berdi.
Yig‘ilish chog‘ida Prezident maktablarining xalqaro ta'lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini oshirish muhimligi qayd etildi va bu jarayonda mamlakat diplomatik vakolatxonalarining muhim o‘rni alohida ta'kidlandi. Muayan ta'lim muassasalariga biriktirilgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga O‘zbekistonda ilg‘or ta'lim amaliyotini va o‘quv jarayoni uchun zamonaviy dasturiy ta'minotni joriy etish, moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, shuningdek o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun tajriba almashish dasturlarini tashkil etish maqsadida mutasaddilik qilinadigan maktablar bilan yetakchi xorijiy ta'lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Prezident ta'lim muassasalarining bugungi holati va uslubiy hamda moddiy-texnik yordamga bo‘lgan ehtiyojlari bilan tanishtirish maqsadida tizimli ravishda O‘zbekistondagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining maktablarga tashriflarini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Yig‘ilish yakunida aniq tadbirlar, muddatlar va mas'ul ijrochilar ko‘rsatilgan holda barcha Prezident ta'lim muassasalari uchun alohida “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish topshirildi. Mamlakatimizning diplomatik missiyalari ushbu yo‘nalishdagi faoliyatining samaradorligini baholash reyting tizimi asosida har oyda amalga oshiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi