O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

ShHTga raislik O‘zbekistonga o‘tdi

2021-09-17 | ShHT

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 17-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan majlisda ShHTga a’zo davlatlar yetakchilari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi.

Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlardan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qatnashdi.

Shuningdek, tadbirda Shanxay hamkorlik tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ijroiya organlarining rahbarlari ishtirok etdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, ShHTning o‘tgan 20 yildagi faoliyatining asosiy yakunlari hamda ko‘p qirrali hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bugungi xalqaro munosabatlarda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli oshib borayotganini ta’kidladi.

– O‘tgan davrda ShHT xalqaro siyosatning muhim sub’ektiga aylandi, nufuzli xalqaro tuzilmalar qatorida munosib o‘rin egalladi. “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida mintaqaviy sheriklik mustahkamlanib bormoqda. Yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi umumiy salohiyat ortib bormoqda, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligimiz kengaymoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari ishtirokchilar e’tiborini ShHT kun tartibida turgan dolzarb masalalarga qaratdi hamda ularni hal etish yuzasidan aniq takliflarni ilgari surdi.

– Bugun barchamiz jahonda va mintaqada keskinlik ortib borayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Pandemiyaning salbiy oqibatlari saqlanib qolmoqda. Bularning barchasi bizdan tashkilotimiz doirasida yanada jipslashishimizni va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimizni talab qilmoqda, – dedi Prezident.

O‘zbekiston yetakchisi umumiy xavf-xatar va tahdidlarga o‘z vaqtida va birgalikda javob qaytarish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ShHT makonida do‘stlikni mustahkamlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan xavotir bildirildi. Mamlakatning yangi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirishning aniq prinsiplari taklif etildi. Davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamidan siyosiy vakillar bo‘lishi, inson, xususan, xotin-qizlar hamda milliy ozchiliklar huquq va erkinliklariga rioya qilinishi shular jumlasidandir.

Bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida Prezidentimiz kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarni jalb qilgan holda “ShHT – Afg‘oniston” formatida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish taklifini bildirdi. Birinchi shunday uchrashuvni Toshkentda o‘tkazish mumkinligi aytildi.

2021-2022-yillarda ShHTga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilishini inobatga olib, davlatimiz rahbari tashkilotning kelgusi davrdagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.

ShHT doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturni tayyorlash va qabul qilish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston Prezidenti savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaыinlashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish hamda o‘zaro bozorlarga chiqishni yengillashtirishni nazarda tutadigan Mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilotga a’zo mamlakatlarning biznes hamjamiyatlari vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish masalalarini har tomonlama ko‘rib chiqish uchun kelgusi yilda O‘zbekistonda ShHT Iqtisodiy forumi va Sanoat yangiliklari haftaligini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

ShHT sanoat kooperatsiyasi dasturini tez fursatda qabul qilish hamda a’zo davlatlar hududida industrial kooperatsiya markazlarini tashkil qilish muhim ekani qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha ShHT strategiyasining qabul qilinishi mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish hamda “Sharq-G‘arb” va “Shimol-Janub” yo‘laklari tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

- ShHT makonida infratuzilmaviy taraqqiyot bo‘yicha uzoq muddatli dasturni birgalikda tayyorlash tashabbusini ilgari suramiz. Unga energetika, kommunikatsiyalar, “yashil” taraqqiyot sohalarida transchegaraviy loyihalarni kiritish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalarining dolzarb ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Prezidenti bu borada vazirlarning uchrashuvlari va ekspertlar maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish mexanizmini joriy qilish taklifini ilgari surdi.

Mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish maqsadida sammit ishtirokchilarining e’tibori ShHT makonida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvlarini qayta tiklash muhim ekaniga qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev kibermakondagi zamonaviy tahdid va xatarlarga munosib javob qaytarish uchun ShHTning axborot xavfsizligi sohasidagi ekspertlar forumini ta’sis etish to‘g‘risida tashabbus bilan chiqdi.

- Biz “xalq diplomatiyasi”da birgalikda erishilgan natijalarni ijobiy baholaymiz, - deya so‘zida davom etdi Prezidentimiz. – Qo‘shma madaniy, fan-ta’lim, sport va boshqa tadbirlarni faollashtirish maqsadida “ShHT Ezgu niyat elchisi” institutining ta’sis etilishi tarafdorimiz.

Bundan tashqari, mamlakatlarning turizm sohasidagi hamkorligi to‘g‘risida hukumatlararo bitimni tayyorlash taklifi bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi yana bir dolzarb mavzu – yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash, koviddan keyingi reabilitatsiya sohalaridagi hamkorlik, vaksinatsiya to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olish masalalariga to‘xtaldi.

So‘zining yakunida Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini 2022-yil sentabr oyida O‘zbekistonda o‘tadigan ShHTning navbatdagi sammitiga taklif etdi.

Majlis yakunida ShHTning 20 yilligi bo‘yicha Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 30 ta hujjat imzolandi.

Bundan tashqari, ShHT Bosh kotibi lavozimiga Chjan Min va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktorligiga Ruslan Mirzayev nomzodlari tasdiqlandi.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti – Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti” formatidagi uchrashuvda ham ishtirok etdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться