O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
2021-09-15 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Investorlarning huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021-yil 20-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Belgilansinki:
2020-yil 1-yanvardan boshlab maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor bo‘lganligi munosabati bilan mazkur soliq imtiyozlarining foydalanilmay qolgan qismi 2020-yil 1-oktyabrga qadar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilgan ishtirokchilar uchun, ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda, ular reyestrga kiritilgan sanadan boshlab 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarda to‘liq qo‘llaniladi;
maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga 2021-yil 15-sentyabrdan boshlab mahsulot ishlab chiqarishda va o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojini foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kungacha muddatga kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi beriladi.
2. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga ortiqcha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini yetti kun ichida qoplab berish tartibiga qat’iy amal qilsin.
Bunda, kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra qoplangan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi asossizligi aniqlangan taqdirda, mazkur summa belgilangan tartibda undiriladi.
3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
2022-yil 1-iyulga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini, ularning vazifalari va kutilayotgan natijalarni, shuningdek, ularni joylashtirish joylarini belgilagan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzoqov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 14-sentyabr
Manba: O'zA