O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dunyo olimlari O‘zbekiston Prezidentiga murojaatlar yo‘lladi
2021-09-14 | Jamiyat
Olimlar O‘zbekiston rahbarining mamlakatimizda, jumladan, fan va madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va tub islohotlarga yo‘naltirilgan pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi.
“O‘zbekistonda Uchinchi Renessans uchun sharoit yaratishga qaratilgan milliy g‘oya, avvalambor puxta o‘ylangan madaniy siyosatga asoslanadi. Aynan madaniyat mamlakatning tiklanishiga, jamiyat ma’naviyatining yuksalishiga, odamlarning, ayniqsa, yosh avlodning vatanparvarligini tarbiyalashga asos bo‘ladi. O‘zbekistonda milliy madaniyat sohasidagi tizimli islohotlar natijasida qadimiy yodgorliklar keng miqyosda tiklanmoqda va ularni o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ilmiy va ma’rifiy ishlar yangi turtki olmoqda, xalq ijodiyoti, nomoddiy merosni asrab-avaylash davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatning madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan siyosati haqiqatan ham tahsinga loyiq. So‘nggi yillar davomida sohada keskin o‘zgarishlar yuz berdi, bu esa o‘z o‘rnida ulkan mehnat va harakatni talab qiladi. Sizning shaxsiy e’tiboringiz va ajdodlar yutuqlariga bo‘lgan hurmatingiz, ularning tajribasini saqlab qolish va takomillashtirish uchun amalga oshirayotgan harakatlaringiz hammamiz uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi” deyilgan murojaatda.
Olimlar Butunjahon jamiyati faoliyatining natijalari haqida ham to‘xtalib o‘tishdi.
Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popovaning (Rossiya) ta’kidlashicha, “Mamlakatdagi fan va madaniyat institutlarining faoliyati davlatning g‘amxo‘rligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev siyosiy irodasi bilan tobora rivojlanib borayotgani alohida hurmatga sazovor”.
“So‘nggi yillar davomida Butujahon jamiyati nashriyot, tadqiqot, ommaviy axborot vositalari va ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlarda yuzdan ortiq loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, misol sifatida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumiga oid ellikta kitob-albomning nashr etilishi bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin. Jildlarning har biri davlat ko‘magi bilan o‘n ming nusxadan nashr etiladi va O‘zbekistonning ilmiy va o‘quv muassasalariga, shu jumladan, umumta’lim maktablariga bepul tarqatiladi. Jahon muzeylarida saqlanayotgan O‘zbekistonning madaniy merosi haqida ma’lumot berish, hujjatli va badiiy filmlarni suratga olish, ilmiy forumlar o‘tkazish, tarixiy yodgorliklarini o‘rganish bilan bog‘liq loyihalar haqida hikoya qiluvchi ushbu turkum bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Sizni ishontirib aytamizki, biz mamlakat madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz”, deyilgan murojaatda.
“Biz, dunyoning turli mamlakatlari – Yevropa, Osiyo va Amerikadan tashrif buyurgan mutaxassislar, sizning ushbu sohadagi noyob tashabbuslaringizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. O‘zbekistonning madaniy merosini o‘rganish sohasida ish olib borar ekanmiz, har birimiz O‘zbekiston hududida bronza davridan boshlab, qadim zamonlardan buyon rivojlanib kelgan eng boy madaniyatning cheksiz qadr-qimmatga ega ekanligiga ishonch hosil qilmoqdamiz. Mamlakatning boy ma’naviy va moddiy merosi jahon sivilizatsiyasi uchun abadiy qadriyat bo‘lib xizmat qiladi” deb ta’kidladi Temuriylar san’ati va tarixini o‘rganish uyushmasi prezidenti va hammuassisi Frederik Bopertyui-Bressand (Fransiya).
Kongress ishtirokchilari, Butunjahon jamiyati a’zolari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash borasidagi tashabbuslari va sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab -quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
“Hozirgi vaqtda Yangi O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealar yuksak hurmatga loyiq. Sharja arxeologiya idorasi nomidan O‘zbekiston Prezidenti va hukumatiga butun dunyo xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman” dedi Sharja arxeologik kengashi direktori Eiza Yusif (BAA).
Davlat Ermitajining bosh direktori Mixail Piotrovskiy Butunjahon jamiyati V kongressi ishtirokchilariga maxsus murojaat yubordi. "Bizning muzeyimiz va O‘zbekistonning ko‘plab muassasalarini uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan do‘stona aloqalar, madaniyat va fan sohasidagi keng ko‘lamli hamkorlik bog‘lab turadi. Biz o‘zbekistonlik hamkasblar bilan amalga oshirilgan barcha qo‘shma loyihalarning natijalaridan mamnunmiz va hamkorlikni yanada kengaytiramiz degan umiddamiz"- deb ta’kidladi Davlat Ermitaji bosh direktori.
Qizg‘in ruhda o‘tayotgan Xalqaro kongress madaniy, tarixiy merosni mukammal o‘rganishda, bu boradagi tajribalar bilan o‘rtoqlashishda o‘ziga xos ilmiy maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Manba: O'zA