O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2021-09-08 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Respublikamizning eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, milliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash va valyuta tushumlarini ko‘paytirish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021-yil 20-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6091-son Farmoni va 2021 yil 13 iyuldagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi PQ–5184-son qaroriga asosan eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Eksportni rag‘batlantirish agentligi huzuridagi Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 200 million AQSH dollari ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab:
Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollaridan oshgan korxonalarga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir martalik moliyaviy resurslar 5 million AQSH dollarigacha miqdorda hamda bir yilgacha muddatga taqdim etilishi;
oxirgi o‘n ikki oy davomida 1 million AQSH dollaridan ortiq tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kunga to‘lovni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini uzaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan jarimalar qo‘llanilishi, shuningdek, ushbu Farmon kuchga kirguniga qadar qo‘llanilgan jarimalar undirilishi 2021-yil 31-dekabrga qadar to‘xtatiladi;
2021-yil 1-oktyabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi;
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan korxonalarga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etish tartibini tasdiqlash va o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.
4. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.U. Umurzakov) ikki hafta muddatda:
Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etish tartibiga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;
Yevropa mamlakatlariga qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini kompensatsiya qilish tizimini bir yil muddatga joriy etsin;
sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyolar, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydigan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega davlatlar ro‘yxatini tasdiqlasin.
5. Belgilansinki, tariq (TIF TN kodlari 1008 21 000 0, 1008 29 000 0), quritilgan dukkakli ekinlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 10 000 0), meva va yong‘oqlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 30 900 0) eksporti uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 7-sentyabr
Manba: O'zA