O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdi
2021-09-06 | Siyosat
Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining 46-yillik anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni ushbu anjumanga tashrif buyurdi.
Tadbir avvalida Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlab, O‘zbekistonning mazkur bank bilan hamkorligi, istiqboldagi muhim masalalar haqida nutq so‘zladi.
– Bankning yillik anjumani Toshkentda o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Biz buni O‘zbekistonning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, mamlakatda so‘nggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning e’tirofi, deb hisoblaymiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lumki, Islom taraqqiyot banki guruhi 1973 yil tashkil topgan. Bosh qarorgohi Saudiya Arabistonning Jidda shahrida joylashgan. Bugungi kunda bankka 57 ta davlat a’zo bo‘lib, ustav jamg‘armasi 150 milliard dollarga teng.
O‘zbekiston Islom taraqqiyot bankiga 2003-yilda a’zo bo‘lgan. Bugungi kunga qadar jami 2,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 ta yirik investitsiya loyihasi ma’qullangan. Ular doirasida maktablar, arzon uy-joylar, avtomobil yo‘llari, elektr va ichimlik suvi tarmoqlari qurilib, sog‘liqni saqlash muassasalari zamonaviy jihozlangan.
Prezidentimiz O‘zbekiston zamini asrlar davomida islom olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.
Bu an’analarni davom ettirgan holda, mamlakatimizda islom qadriyatlarini asrab-avaylash va yanada rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro hadisshunoslik markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Xalqaro islom akademiyasi tashkil qilindi.
Yangi maktablar, ilm-fan maskanlari barpo etildi. So‘nggi besh yilda 64 ta yangi oliy ta’lim dargohi ochilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha chuqur bilim berilmoqda.
Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasining iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini yengib o‘tish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Mamlakatimizda inqirozga qarshi ishlab chiqilgan choralarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlagani uchun Islom taraqqiyot bankiga minnatdorlik bildirdi.
Anjuman doirasida Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolangani qayd etildi. Kapitali 500 million dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur jamg‘arma orqali kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqamizdagi ekologik muammolarni qayd etib, bank boshqaruvchilari e’tiborini Birlashgan Millatlar Tashkiloti sha’feligida tuzilgan trast jamg‘armasi hamda Orolbo‘yi mintaqasida tashkil etilayotgan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratdi.
Mintaqamizda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi ishlar qayd etib o‘tildi.
Ma’lumki, bugun dunyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi, yirik migratsion jarayonlar, tabiiy resurslar va oziq-ovqat yetishmovchiligi kabi sinovlarga duch kelmoqda. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz bank faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.
“G‘arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha yashil yo‘lak” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi. Uning amalga oshirilishi o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalar kengayishga, mamlakatlarning iqtisodiy jihatdan birlashishi va barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.
Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporatsiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozimligi qayd etildi. Bu erkin savdoni rag‘batlantirish, investitsiyaviy xatarlarni sug‘urtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Koviddan keyingi davrda a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamg‘armasi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, qishloq xo‘jaligiga ilg‘or ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarni keng qo‘llash ayniqsa dolzarbdir.
Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga ega investitsion va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
– Bugungi xalqaro anjuman bank doirasidagi sherikligimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va a’zo mamlakatlar xalqlarining umumiy farovonligiga katta hissa qo‘shadi, – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir ham nutq so‘zladi.
Anjuman 4-sentabrgacha davom etadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti