O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqimiz ma’naviy qudratining manbai

2021-08-31 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumenti ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugun barchamiz, ko‘pmillatli butun xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik qutlug‘ bayramining quvonchi va shukuhibilan yashamoqdamiz.

Azal-azaldan obod shahar va qishloqlar, bog‘u rog‘lar, betakror madaniy obidalar bunyodkori sifatida shuhrat qozongan mehnatkash va olijanob xalqimiz pandemiya va global iqtisodiy inqiroz ta’siriga qaramasdan, ushbu tarixiy sanani munosib mehnat zafarlari, ulkan yutuq va g‘alabalar bilan kutib olmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida yangi-yangi korxonalar, zamonaviy uy-joylar, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, ravon yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Xalqimiz farovonligini yuksaltirish, hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan o‘nlab yirik loyihalar, ijtimoiy dasturlar amalga oshirilmoqda.

Ayni daqiqalarda barchamiz yana bir tarixiy voqea, ya’ni istiqlolimizning shonli sanasiga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimiga to‘planib turibmiz.

Yodingizda bo‘lsa, biz may oyida keng jamoatchilik bilan birga yaxshi niyat bilan bog‘ hududida dastlabki nihollarni ekib, majmuaga tamal toshi qo‘ygan edik.

Bugun ezgu orzu-intilishlarimiz ijobat bo‘lib, qisqa muddatda xalqimiz, bunyodkor vatandoshlarimizning azmu shijoati bilan mana shu ulkan maydonda muazzam bog‘ va yodgorlik kompleksini barpo etishga erishdik.

Biz tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, nuroniylar va yoshlarimiz bilan maslahatlashib, “Yangi O‘zbekiston” majmuasining g‘oyaviy va me’moriy yechimlariga alohida e’tibor qaratdik.

Agar yuqoridan nazar tashlasangiz, bog‘ning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga o‘xshaydi. Bu esa, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ramziy ma’noda ifoda etadi.

Bu go‘zal bog‘da poytaxtimiz aholisi, Toshkent viloyati va barcha hududlarimizdan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.

Bu yerda sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, hunarmandchilik do‘konlari barpo etildi va etilmoqda.

Majmua hududidagi manzarali noyob daraxtlar, gul-chechaklar odamning bahri dilini ochadi, barchamizni tabiat bilan oshno bo‘lib, uyg‘un bo‘lib yashashga da’vat etadi.

Majmua yonida eng ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy andozalar asosida Olimpiya shaharchasi bunyod etiladi. Bu yerda 2025 yili mamlakatimiz mezbonlik qiladigan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarining asosiy musobaqalari o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, ushbu hududda zamonaviy oliy ta’lim muassasasi, tibbiyot klinikalari, xalqaro ko‘rgazma markazlari va boshqa ob’ektlardan iborat butun bir yangi shaharcha qurilmoqda.

Eng muhimi, barchangiz ko‘rib turganingizdek, bog‘ning markaziy qismida, ta’bir joiz bo‘lsa, uning yuragida o‘xshashi yo‘q muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etildi.

Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini keng nishonlayapmiz. Lekin, aslida, O‘zbekiston hududidagi milliy davlatchilik tarixi 3 ming yildan ziyod davrni tashkil etadi.

Bu jahon fanida e’tirof etilgan ilmiy haqiqatdir. Ushbu monumentni yaratishda ana shu konseptual g‘oyani yorqin ifoda etishga harakat qildik.

Ma’lumki, el-yurtimiz o‘zining qadimiy o‘tmishi davomida qancha-qancha unutilmas voqealarni, turli sinov va qiyinchiliklarni, zafarli davrlar bilan birga, fojiali kunlarni ham boshidan kechirgan. Lekin bir haqiqatni ta’kidlash kerakki, Vatanimiz hududida mavjud bo‘lgan har bir davlatchilik tuzumi, har qanday ijtimoiy jarayon – u g‘alaba yoki mag‘lubiyat bo‘ladimi, yuksalish yoki tanazzul bo‘ladimi – barcha-barchasi xalqimiz bosib o‘tgan murakkab tarixiy yo‘lning uzviy va ajralmas qismidir. Shuning uchun ham biz tariximizning barcha bosqichlarini yaxlit holda qabul qilib, har tomonlama chuqur o‘rganishimiz zarur.

O‘tmishdagi yutuq va g‘alabalaridan kuch-quvvat olib, xato va mag‘lubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq o‘zining taraqqiyot yo‘li va kelajagini to‘g‘ri belgilay oladi.

Shu sababli biz ushbu yodgorlik timsolida O‘zbekistonimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealarni muhrlashga qaror qildik. Boy va betakror merosimiz, buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning o‘lmas siymolarini aks ettirishga intildik.

O‘zbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi og‘ir va mashaqqatli hayoti, qatag‘on siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorat va matonati ta’sirchan lavhalarda o‘z ifodasini topdi. G‘oyat qiyin va murakkab sharoitda respublikamiz ravnaqini, xalqimizning tinchligi va omonligini o‘ylab, o‘zini ayamasdan xizmat qilgan atoqli davlat arboblarimiz faoliyati ham atroflicha yoritildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lini aks ettirish e’tibor markaziga qo‘yildi.

Bu betakror yodgorlik yurtimizda yangi O‘zbekistonni – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi bilan uyg‘un holda barpo qilingani ayniqsa ahamiyatlidir.

Ulug‘vor Mustaqillik monumenti timsolida biz tarix, bugungi zamon va kelajak tushunchalarini o‘zaro uyg‘un holda namoyon etishga alohida e’tibor qaratdik.

Milliy davlatchiligimizning ramzi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari o‘zining bor mahobati va shukuhi bilan ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. 

Tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli bo‘lgan, ko‘kda mag‘rur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji bo‘lib o‘rin egalladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostladi.

Monument poyiga bitilgan: “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda” degan chuqur ma’noli so‘zlar ota-bobolarimiz xotirasiga bugungi avlodlarning yuksak hurmat va ehtiromini anglatadi.

Mana shunday ishlarimizning davomi sifatida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yaqin hududda zamonaviy xalqaro aeroport qurilmoqda.

Kelgusida xorijdan tashrif buyuradigan yuksak martabali mehmonlar avvalo mana shu monumentni ziyorat qilib, xalqimiz va davlatimizga hurmat bajo keltiradi.

Bundan buyon Navro‘z, Mustaqillik kabi qutlug‘ bayramlarimiz, katta ommaviy davlat tadbirlarini, turli sayil-tomoshalarni barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan shu go‘zal maskanda o‘tkazamiz.

Aytish kerakki, bugun qalblarimizda cheksiz quvonch va hayrat uyg‘otayotgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini qisqa vaqt ichida, ayniqsa, pandemiya sharoitida barpo etish oson bo‘lgani yo‘q. Lekin, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, qo‘li gul quruvchi va me’morlar, muhandis va bog‘bonlar, mohir haykaltarosh va rassomlar, turli soha mutaxassislari, rahbar va yetakchilar, azamat yoshlarimiz tunu kun fidokorona mehnat qilib, ushbu betakror majmuani el-yurtimizga bayram sovg‘asi sifatida tortiq etdilar.

Fursatdan foydalanib, bu tom ma’nodagi tarixiy ishga hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizga, chet ellik hamkorlarimizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Hech shubhasiz, ushbu majmua xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz uchun Vatanga muhabbat va sadoqat timsoliga, qutlug‘ ziyoratgoh, o‘ziga xos noyob madaniyat va ma’rifat, tarbiya markaziga aylanib qoladi.

Bu yerga qadam qo‘ygan har bir inson nafaqat yayrab hordiq chiqaradi, balki avvalo o‘zi uchun beqiyos ibrat, ma’naviy kuch oladi, deb ishonaman.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Mustaqillik majmuasi hammamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!

Yurtimizda mana shunday go‘zal va betakror maskanlar yanada ko‘paysin!

Mana shunday ulug‘ ishlar bunyodkori bo‘lgan mard va tanti, mehnatkash xalqimiz doimo omon bo‘lsin!

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat.

Manba: O'zA

Поделиться