O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar
2021-08-31 | Siyosat
30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat mustaqilligining 30-yilligi bilan bir birini dildan qutlab, birodar O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida aniq kooperatsiya loyihalarini, shuningdek, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish maqsadida hukumatlar darajasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.
Prezidentlar, shuningdek, mintaqa kun tartibidagi, shu jumladan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti