Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Islom taraqqiyot banki Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida hamkorlikning bugungi holati, qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi, shuningdek, O‘zbekiston va ITB o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, ta'lim, infratuzilmaviy qurilish, sog‘liqni saqlash va qishloq joylarda hayot sifatini yaxshilash sohalarida 6 ta yangi investitsiya loyihasini kelishish borasida ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi, Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash Islom korporatsiyasi kabi ITB va uning sho‘'ba tashkilotlarining O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga urg‘u bergan holda qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirishga oid o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligi bildirildi.
Bundan tashqari, tomonlar joriy yilning 1-sentyabridan 4-sentyabriga qadar Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ITB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik anjumaniga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini muhokama qildilar. ITB Prezidenti anjuman va u bilan bog‘liq tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilayotgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Uning qayd etishicha, mazkur tadbir xalqaro hamjamiyat hamda ITBga a'zo mamlakatlarning ishbilarmonlik doiralari vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi: hozirgi paytga kelib uchrashuvda ishtirok etish uchun 2 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan va ularning soni o‘sishda davom etmoqda. Tadbirda Bankka a'zo 57 mamlakatdan 2500 dan ortiq vakillar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot institutlari vakillari qatnashishlari kutilmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro munosabatlarning muhokama qilingan yo‘nalishlari doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirish yo‘llarini belgilab oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi