O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investityaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marri bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘tgan ikki yil mobaynida qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirishda salmoqli natijalarga erishilgani ta'kidlandi – ayni paytda BAAlik hamkorlar bilan umumiy qiymati 5 milliard dollarga yaqin 15 loyiha amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalarni qazib olish, to‘qimachilik va zargarlik sanoati kabi qator tarmoqlarda va boshqa sohalarda ishga solinmagan ulkan investitsiyaviy salohiyat mavjudligi alohida ta'kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan davlat xususiylashtirish dasturida ishtirok etish uchun BAA investorlarini jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
BAA Oziq-ovqat va suv xavfsizligi vazirligi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Abu-Dabi rivojlanish jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston – BAA investitsiya kompaniyasining muvaffaqiyatli faoliyati qayd etildi. O‘z faoliyatini boshlaganidan buyon kompaniya O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga 100 million dollarga yaqin mablag‘ni jalb etdi. Birlashgan Arab Amirliklari tomoni O‘zbekiston – BAA investitsiya kompaniyasi resurslari hisobiga birgalikda moliyalashtiriladigan istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish maqsadida BAA salohiyatli investorlari orasidan yangi hamkorlarni jalb etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi savdo aylanmasini oshirish mexanizmlari alohida muhokama qilindi. Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berish geografiyasini kengaytirish shart-sharoitlari ham qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni davom ettirish va mavjud masalalarni tezkor muhokama qilish va hal etish uchun yaqin munosabatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi