O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Daraxtlar muhofazasi kuchaytiriladi, ekologiya politsiyasi tashkil etiladi
2021-08-25 | Ekologiya
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-avgust kuni ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham ekologik muammolar ko‘paymoqda. Bunga ba’zan tabiiy omillar, ko‘p hollarda esa insonning o‘zi sababchi bo‘lmoqda.
Masalan, so‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgan. Yurtimiz hududlarida yashil maydonlar 3-4 baravarga qisqarib ketgan. Suv kamayib, yer osti suvi sathi ham pasaygan.
Ko‘p qavatli uylar oralig‘idagi bo‘sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko‘pchilikni ranjitmoqda.
Bu borada Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda mahalliy hokimliklarda jonkuyarlik yetishmayapti, amaliy ishlar ko‘rinmayapti.
Shu bois yig‘ilishda sohadagi muammolar tanqidiy muhokama qilindi. Joylarda ishlarni tizimli tashkil eta olmagani uchun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi.
Ekologik holatni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Bu yil kuz oylarida avtomobil yo‘llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 55 million dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 million dona tut, pavlovniya, chinor, eman, yong‘oq, jiyda, terak kabi mevali va manzarali daraxtlar ekish vazifasi qo‘yildi.
Daraxtlarni parvarishlash uchun har bir mahallaga bittadan, tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlariga kamida 5 nafardan ishchi biriktirish zarurligi ta’kidlandi.
Hokimlarga shaharlar va tumanlar markazlaridagi 4 ming 500 kilometr ichki irrigatsiya tarmoqlarini tiklash bo‘yicha topshiriq berildi.
Ekologiyani yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirishda ko‘chatchilik juda muhim. Misol uchun, Andijon, Paxtabod va Marhamat tumanlarida pavlovniya yetishtiruvchi xo‘jaliklar tashkil etilgan. Yoki, Urgut tumanining Xo‘jaiduk va Omonqo‘ton qishloqlarida har bir xonadonda 2 ming tupdan manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilmoqda.
Shu kabi omilkorlarni qo‘llab-quvvatlash, aholini sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash maqsadida har bir hududda “Yashil zamin” jamg‘armalari tashkil etilishi belgilandi.
Mutasaddilarga ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar uchun tanlov asosida yer ajratish, “Yashil zamin” jamg‘armasi hisobidan aholiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini bepul tarqatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shaharlarda yashil hudud va jamoat parklari tashkil qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Masalan, Qarshi shahridagi 27 gektar maydonga ega Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining 11 gektari attraksionlardan tozalanib, sokin hududga aylantirilgan. Kitobxonlik burchaklari, piyoda va velosiped yo‘laklari tashkil etilgan.
Lekin, yurtimizdagi 300 ga yaqin istirohat bog‘lari turli vazirlik va idoralarga qarashli bo‘lib, ularning aksariyati qarovsiz.
Shu bois mutasaddilarga barcha istirohat bog‘laridagi daraxtlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, jamoat parklarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Ta’kidlanganidek, istirohat bog‘larining 70 foizi yashil hudud bo‘lishi kerak va ularda bino-inshootlar qurilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan sayilgoh, ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalarning har birida yashil hududlar tashkil qilish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 60 kilometr kanallar bo‘yi, 250 kilometr piyodalar yo‘laklari atrofiga manzarali daraxtlar ekish kerak.
Toshkent shahar hokimiga shu borada qator topshiriqlar berildi.
Ma’lumki, Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasiga ko‘ra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga moratoriy joriy qilingan edi. Ushbu chora muddati 2020-yil 31-dekabrgacha bo‘lib, u orqali 316 ming tup daraxtlar asrab qolindi.
Lekin shunga qaramasdan, 5 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.
Shu bois davlatimiz rahbari bu boradagi choralarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xususan, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024-yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytiriladi. Yashil hudud va jamoat parklaridagi daraxtlarni kesish qat’iyan taqiqlanadi.
Toshkent shahri va viloyatlar markazida ekologiya politsiyasi tashkil etiladi. Uning zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, chiqindilarni nojoiz joyga tashlash, brakonerlik kabi holatlarga qarshi kurashish vazifalari yuklatiladi.
Shu bilan birga, ekologiya sohasida qo‘llaniladigan jarimalar miqdori 5 baravar, yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya miqdori 2 baravar oshiriladi.
Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada davlat-xususiy sheriklik yo‘lga qo‘yilgan joylarda tartib yaxshilangan.
Xususan, Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq va Namangan tumanlarida mahallalarni sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 92 foizga yetib, tushumlar 2 baravarga oshgan.
Farg‘onada 7 milliard so‘mlik investitsiya jalb qilinib, ilk bor chiqindilarni saralash zavodi ishga tushirilgan.
Bu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish, xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Ilm va innovatsiyalar har bir sohada zarur. Lekin bugungi kunda Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi 2 mingdan ortiq xodimlarning atigi 10 foizi mutaxassis hisoblanadi.
Shu bois, qo‘mita huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini takomillashtirish, olimlar va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Buning uchun mazkur ilmiy-tadqiqot instituti zamonaviy texnika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi. Doktoranturaga kvotalar 2 baravar oshiriladi. Institutda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha ilmiy darajalarni beruvchi Ilmiy kengash tashkil etiladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti