O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “ISO37001:2016“ xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi
2021-08-25 | Siyosat
Keyingi yillarda soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, soliq organlarini xizmat ko‘rsatish yo‘nalishiga transformatsiya qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng jalb etish natijasida inson omilini cheklab, korrupsiya holatlariga barham berish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Sohada korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi va faoliyat shaffofligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarning tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilganligi “CERT International” ixtisoslashgan xalqaro tashkiloti auditorlari xulosasida ham qayd etildi.
“CERT International” ixtisoslashgan xalqaro tashkiloti tomonidan Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati faoliyatining ISO37001:2016 xalqaro standart talablariga muvofiqligi bo‘yicha audit o‘tkazildi. Unda xalqaro standartlar bo‘yicha aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Qo‘mita markaziy apparati 14 ta tuzilmasining “ISO37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha ichki idoraviy hujjatlari tahlil qilinib, rahbar va masʼul xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Shunga asosan, Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari tomonidan qisqa muddat ichida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari xalqaro standartlarga to‘la moslashtirildi.
Auditorlar Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatida “ISO37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi”, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi, rahbar va masʼul xodimlar o‘z xizmat vazifasiga jiddiy yondashishini qayd etdi.
Audit yakuniy natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Davlat soliq qo‘mitasi markaziy appratiga ISO37001:2016 xalqaro standarti bo‘yicha sertifikat berilishini maʼlum qildi. “CERT International” ixtisoslashgan xalqaro tashkiloti tomonidan Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatiga ISO37001:2016 xalqaro standarti bo‘yicha sertifikati topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi