O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Axborot xizmati rahbarlari faoliyati samaradorligi reytingi e'lon qilindi

2021-08-24 | Siyosat

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga axborot xizmatlari rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash va ularning reytingini e'lon qilib borish vazifasi yuklangan.

Mazkur topshiriqqa asosan 2019-yil 3-oktyabrda“Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini lavozimga tayinlashni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari bilan kelishish, ularni attestatsiyadan o'tkazish hamda ish samaradorligini baholash tartibi to'g'risida”gi nizom Adliya vazirligida 3187-raqam bilan ro'yxatdan o'tkazilgan.

Ushbu nizomga ko'ra, Agentlik ikki yildan buyon davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari matbuot kotiblarining jamoatchilikka O'zbekiston Respublikasining qonunlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va topshiriqlarining ijrosi, olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalari haqida tezkor, xolis hamda birinchi manbaa sifatida to'liq axborot etkazishi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari faol muloqot o'rnatish, e'lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga o'z vaqtida va sifatli munosabat bildirish borasidagi faoliyatini o'rganib, baholab kelmoqda.

Joriy yilning iyul oyida Agentlik tomonidan respublika darajasidagi 139 ta (o'tgan yili 125 ta) tashkilot va idoralar hamda 206 ta (o'tgan yili 201 ta) tuman va shahar hokimliklari matbuot kotiblarining 2021-yil I yarim yillik faoliyati samaradorligi o'rganildi. Jumladan, o'rganish davomida baholashda Nizomga ko'ra:

– axborot xizmati rahbari faoliyati ish hajmi (o'tkazgan matbuot tadbirlari, ularda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki ta'minlangani, yoritilish qamrovining kengligi hamda bir vaqtning o'zida tadbirlarni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn efirlar orqali jamoatchilikka etkazib berish borasidagi talablar);

– axborot xizmati rahbari ish faoliyati sifati (matbuot tadbirlariga professional yondashuv, birinchi rahbarning ishtiroki, axborotni etkazib berishda turli instrumentlardan foydalangan holda infografika, foto, video, audio va matn shaklida jamoatchilikka taqdim etish mahorati);

– axborot xizmati rahbari ish samaradorligi (tashkilot haqidagi axborotni radio/televidenie, gazeta va jurnallar, ijtimoiy messenjerlar va veb-saytlar imkoniyatlaridan to'laqonli foydalangan holda yorita olishi, tashkilot mutasaddi bo'lgan sohalardagi muammolarni ko'ra bilishi va o'z resurslarida e'lon qilishdagi tashabbuskorligi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan materiallarga munosabat bildirishdagi tezkorligi, muayyan axborot voqeligi munosabati bilan rasmiy bayonot (shu jumladan video formatida) berishi, amalga oshirilayotgan ishlarning xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritishi asosiy mezon qilib olindi. Har bir axborot xizmati rahbarining reytingi o'zi taalluqli bo'lgan yo'nalish doirasida o'rganilib, tasniflandi. Ya'ni, joriy baholashda tashkilotlar:

Markaziy tashkilotlar;

– Vazirliklar;

– Davlat qo'mitalari va qo'mitalar;

– Agentliklar;

– Inspektsiyalar;

– Markazlar;

– Aktsiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar;

– Boshqa respublika tashkilotlari;

– Uyushmalar;

– Mahalliy davlat hokimiyati organlari tarzida muayyan yo'nalishlarga bo'lib olindi. Shunga ko'ra, 2021-yil iyul oyiga qadar Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xulosalari asosida axborot xizmati rahbari lavozimiga rasman tasdiqlanib, faoliyat yuritib kelgan respublika darajasidagi 139 nafar matbuot kotibidan 29 nafarining (o'tgan yil yakunida 14 nafar) ish natijalari yuqori, 74 nafariniki (o'tgan yil yakunida 67 nafar) o'rta, 23 nafariniki (o'tgan yil yakunida 30 nafar) qoniqarli, 13 nafari (o'tgan yil yakunida 17 ta)ning faoliyati past darajada, deya baholandi. Bir so'z bilan ayganda, yuqori darajali matbuot kotiblari soni 15 nafarga ortgan bo'lsa, qoniqarli darajadagi matbuot kotiblari 7 nafarga, past darajadagi matbuot kotiblari 4 nafarga kamaydi.

Tuman va shaharlar hokimliklari kesimida 206 nafar matbuot kotibidan 10 nafarining (o'tgan yil yakunida 6 nafar) faoliyati yuqori, 83 nafariniki (o'tgan yil yakunida 7 nafar) o'rta, 70 nafariniki (o'tgan yil yakunida 117 nafar) qoniqarli, 38 nafariniki (o'tgan yil yakunida 60 nafar) esa past darajada, deb topildi. 5 ta holatda matbuot kotibi lavozimi vakant bo'lgani va olti oydan kam faoliyat yuritgani sababli baholanmadi.

Bir so'z bilan aytganda, quyi tizimda yuqori darajali matbuot kotiblari 4 nafarga, o'rta darajadagi matbuot kotiblari 76 nafarga ortgan bo'lsa, qoniqarli darajadagi matbuot kotiblari 47 nafarga, past darajadagi matbuot kotiblari 22 nafarga kamaydi. Bu Agentlik tomonidan matbuot kotiblari bilan muntazam ravishda o'tkazilayotgan media-treninglar hamda o'zaro hamkorlikning natijasi hamdir.

Tegishli Nizom talablariga ko'ra:

Мarkaziy tashkilotlar yo'nalishida Markaziy bank (A. Nazarov); vazirliklar yo'nalishida Sog'liqni saqlash (F. Sanaev), Adliya (S. O'rinboeva), Xalq ta'limi (L. Rustamova), Ichki ishlar (Sh. Giyasov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish (Sh. Axmatov), Energetika (E. Bekmurodova), Mudofaa (B. Zulfiqorov), Maktabgacha ta'lim (M. Asqarxo'jaeva), Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash (S. Boymirzaeva), Qurilish (R. Egamberdiev) vazirliklari; davlat qo'mitalari va qo'mitalar yo'nalishida Davlat soliq (M. Nazarov) va Davlat bojxona qo'mitalari (N. Calomov); agentliklar yo'nalishida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari (S. Zokirova), “O'zarxiv” (A. Aliev), Kadastr (N. Atamuratov), Yoshlar ishlari (N. Abduqodirov), Prezident ta'lim muassasalari

(D. Sobirova) agentliklari; inspektsiyalar yo'nalishida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi (Sh. Xo'jaqulov); markazlar yo'nalishida Gidrometeorologiya xizmati markazi (M. Asqarova), aktsiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar yo'nalishida “O'zbekiston ttovar-xomashyo birjasi” AJ (H. Tillaboev), “Hududgazta'minot” AJ (M. Mametova), “O'zsuvta'minot” AJ (A. Murodov), “O'zkimyosanoat” AJ (M. Xaitova); boshqa tashkilotlar yo'nalishida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (M. Bozorov); mahalliy davlat hokimiyati organlari yo'nalishida Samarqand viloyati (M. Mirzaev), Buxoro viloyati (O. Jo'raev), Jizzax viloyati (A. Binokulov), Qashqadaryo viloyati (A. Sodiqov) hokimliklari;  

tuman va shahar hokimliklari yo'nalishida Samarqand (A. Po'latov), Kattaqo'rg'on (J. Nosirov), Urganch (B. Xudayberganov) shaharlari, Bulung'ur (A. Jabbarov), Samarqand (B. Xonkeldiev), Jomboy (O. Odilov), Ohangaron (E. Utbasov), Hazorasp (J. Usmanova), Yangibozor (U. Nurmetova), Uchtepa (T. To'raev) tumani hokimliklari axborot xizmati rahbarlari 2021- yilning birinchi yarmida yuqori natija qayd etdi.

Mazkur tashkilotlar axborot xizmatlari tomonidan axborotni zamonaviy format, onlayn va keng qamrovli usulda ommaviy axborot vositalari (radio/televidenie, gazeta, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlar va veb-saytlar) orqali foydalanuvchilarga infografika, foto, audio, video va matn shakllarida, muayyan belgilangan vaqt oralig'ida etkazib berish;

– sohaga doir muammolarni birinchi manba sifatida olib chiqish (o'zini o'zi tanqid qila olish);

– ijtimoiy tarmoqlarda mavzuga aloqador voqea-hodisalarga tezkor munosabat bildirish va o'z rasmiy sahiflarida yoritish;

– tashkilot va u bilan bog'liq jarayonlarni aholiga etkazishda video va matn shaklidagi bayonotlar bilan chiqishlar qilish; – xorijiy ommaviy axborot vositalarida O'zbekistonning sohaga doir imijini oshirishga qaratilgan materiallarni keng e'lon qilib borgani aniqlandi. Biroq, baholash natijalari tahliliga ko'ra, aksariyat axborot xizmati rahbarlari (81 nafar (58,2 foiz) video formatida rasmiy bayonot berish bo'yicha past ko'rsatkich qayd etgan.

Xususan, quyidagi matbuot kotiblari OAV yoki o'z resurslari orqali video formatda bayonot bermagan – Moliya, Turizm va sport, Suv xo'jaligi vazirliklari, Inson huquqlari bo'yicha vakil (Ombudsman), “Mahalla va oila” ilmiy tadqiq instituti, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati”, “O'zagrolizing” AJ, “Dori-darmon” AK, Xorazm, Andijon viloyati hokimliklari. Vaholanki, matbuot kotibini keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarga tashkilot yuzi sifatida tanilishi muhim ahamiyatga ega. 

Tahlillar 31 nafar (22,3 foiz) axborot xizmati rahbari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda berilgan onlayn efirlar soni juda kam ekanini ko'rsatdi. Aslida esa bugungi kunda “Facebook”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirga chiqish uchun hech qanday qo'shimcha uskuna yoki ishchi kuchi talab etilmaydi.

Buni internetga ulangan uyali telefon va uning kamerasi orqali istalgan matbuot tadbiri paytida amalga oshirsa bo'ladi. Baholash mezonida alohida e'tibor qaratilgan yo'nalishlardan yana biri – OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan tanqidiy materiallarga axborot xizmatining rasmiy munosabatini bildirish holatidir. Respublika bo'yicha umumiy hisobda tanqidga javob berish ko'rsatkichi sezilarli darajada o'sgan.

Xususan, tashkilotlar tomonidan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'lgan 3178 ta tanqidiy materialning 2913 tasi (yoki 92 foizi)ga rasmiy munosabat bildirilgan bo'lsa-da, tezkorlik talablari bo'yicha ayrim tashkilotlar axborot xizmatlari faoliyatida kamchiliklarni kuzatish mumkin.

Tuman va shaharlar hokimliklarida esa tashkiliy masalalardagi kamchiliklar, axborotni etkazib berishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanmaslik, kuzatuvchilari kam bo'lgan telegram kanallari bilan cheklanish, shuningdek, ishning tizimli olib borilmasligi kabi kamchiliklar yaqqol ko'zga tashlanmoqda.

Qolaversa, aholini radio, televidenie, gazeta va jurnallar, ko'p muxlislarga ega bo'lgan ijtimoiy tarmoqlar hamda veb-saytlar orqali xabardor qilib borish darajasi past. Agentlik axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularga qo'yilayotgan vazifalarni samarali bajarishlarini ta'minlash, davlat va ommaviy axborot vositalari o'rtasida chinakam ko'prikka aylanishi uchun tizimli ish olib bormoqda.

Matbuot kotiblarining baholanishi va reytingi yuritilishidan ko'zlangan asosiy maqsad ham ular faoliyatini tahlil qilish, kerakli xulosalar chiqarish va mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo'yicha ishlarni tashkil qilishga qaratilgan. Barcha matbuot kotiblari bu jarayonni chuqur tushungan holda, kelgusida o'z pozitsiyalarini mustahkamlash, vazifalarini sidqidildan bajarish uchun faollik ko'rsatishiga ishonamiz.

Davlat hokimiyati organlari, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik idora, muassasa va boshqa tashkilotlar rahbarlari matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchilarining 2021-yil I yarim yillikdagi faoliyati samaradorligi

NATIJALARI: https://mudofaa.uz/49192/

Izoh.

1  Baholash Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 3-oktyabrda 3187-raqami bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining 2019-yil 26-avgustdagi 324-son buyrug'i bilan tasdiqlangan Nizomga asosida amalga oshirildi.

2 O'rganishlar139 ta tashkilot va idorani qamrab oldi. Baholash 4 ta – yuqori, o'rta, qoniqarli va past darajada toifalariga ajratildi. 29 nafar matbuot kotibi (20,8%)ning ish natijalari yuqori, 74 nafari (53,2%)niki o'rta darajada baholangan bo'lsa, 23 nafari (16,5%)niki qoniqarli, 13 nafari (9,3%)ning faoliyati past darajada, deb topildi.

3 O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Markaziy saylov komissiyasi, Mudofaa sanoati bo'yicha davlat qo'mitasi, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi, Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Milliy antidoping agentligi, Kinematografiya agentligi, O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi, Pensiya jamg'armasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi, Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi, ATB “Ipoteka bank”, “Uzbekistan airways” AJ, “O'zbekinvest” eksport-import sug'urta kompaniyasi” tomonidan ma'lumot taqdim etilmagani, tayinlanganiga 3 oydan kamroq vaqt bo'lgani, Agentlikdan belgilangan tartibda suhbatdan o'tmagani sababli baholanmadi.

Quyidagi matbuot kotiblari 2021-yilning ikkinchi yarmidan boshlab o'z faoliyatini boshqa ishda davom ettirmoqda:

– Ibodov Mumin Mamurjanovich;

– Suchkov Aleksandr Anatolevich.

Tuman va shahar hokimliklari axborot xizmatlarining 2021-yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati samaradorligi

NATIJALARI: https://mudofaa.uz/49192/

Izoh:

1  Baholash Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 3-oktyabrda 3187-raqami bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining 2019-yil 26-avgustdagi 324-son buyrug'i bilan tasdiqlangan Nizomga asosida amalga oshirildi.

2  O'rganishlar 206 tatuman va shahar hokimliklari qamrab oldi. Baholash 4 ta – yuqori, o'rta, qoniqarli va past darajada toifalariga ajratildi. 10 nafar matbuot kotibi (5,0%)ning ish natijalari yuqori, 83 nafari (41,3%)niki o'rta darajada baholangan bo'lsa, 70 nafari (34,8%)niki qoniqarli, 38 nafari (18,9%) ning faoliyati past darajada deb topildi.

3  Andijon, Nukus, Guliston shaharlari va Qorovulbozor, Yangiariq tuman hokimliklari tomonidan ma'lumot taqdim etilmagani, vakant yoki tayinlanganiga 3 oydan kamroq vaqt bo'lgani sababli baholanmadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi

Поделиться