O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidentining "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" xalqaro konferensiyasidagi nutqi qirg‘iz tiliga tarjima qilindi
2021-08-20 | Jamiyat
O‘zbekiston elchisi Xurshid Mirzohidov tomonidan Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya akademiyasida brifing o‘tkazildi
Tadbirga Tashqi ishlar vazirligi, Milliy strategik tadqiqotlar instituti vakillari, akademiya ilmiy-pedagogik xodimlari, taniqli olimlar, diplomatlar, siyosatshunoslar, ekspertlar, o‘zbek jamoatchiligi faollari va ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
K.Dikamboyev nomidagi Diplomatiya akademiyasi rektori Chinara Adamqulova ikki mamlakat o‘rtasida 1993-yil 16-evral kuni diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan buyon o‘zaro hamkorlikda erishilgan natijalar haqida so‘z yuritdi. Uning fikricha, joriy yil mart oyida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi tobora jadal rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlarga yangi turtki berdi. U ikki davlat rahbarlari o‘rtasida yaqin va konstruktiv aloqalar o‘rnatilganini alohida qayd etdi.
Xurshid Mirzohidov mamlakatimiz o‘z mustaqilligining 30 yillik sanasini Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlatimiz uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan izchil va keng ko‘lamli islohotlar bilan kutib olayotganini taʼkidladi.
Bugun O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani eʼtirof etildi. Shu nuqtai nazardan, davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan 2017-yil burilish davri bo‘lgani, ushbu hujjat 1996-yilda imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomasini yana-da yuqori pog‘onaga ko‘targani qayd etildi.
Elchi O‘zbekistonda bu yil o‘tkaziladigan Prezident saylovi mavzusiga alohida to‘xtalar ekan, anjuman ishtirokchilari eʼtiborini navbatdagi saylov jarayonini avvalgilaridan tubdan ajratib turadigan ayrim jihatlarga qaratdi. Avvalambor, 2021-yilgi Prezident saylovi dunyoning istalgan o‘lkasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xohish-irodasini ifoda etish imkoniyatni sezilarli darajada kengaytirgan yangi saylov qonunchiligiga binoan o‘tkazilmoqda. Joriy saylovning eng muhim vazifalaridan biri – bu har bir saylovchini qamrab olishdir.
Brifingda O‘zbekiston zimmasiga Markaziy Osiyoning eng qudratli iqtisodiyoti va katta mehnat resurslariga ega davlat sifatida alohida rol yuklangani taʼkidlandi. Hozirda mintaqada kechayotgan barcha integratsion jarayonlarda Toshkent faol qaighnashmoqda.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 15-16-iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqining qirg‘iz tiliga tarjima qilingan matni taqdim etildi.
O‘zbekiston elchisi brifingi Qirg‘iziston markaziy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi