O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi
2021-08-19 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqida qator muhim tashabbuslar ilgari surgan, shu jumladan, BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif qilgan edi.
O‘zbekiston rahbari o‘z murojaatida hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini isbotlaganini taʼkidlab, xalqaro saʼy-harakatlarini birlashtirish, har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishga chaqirdi. Davlatimiz rahbari BMT shafeligida bunday hujjatni ishlab chiqish tashabbusini o‘rtaga tashlab, unda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligiga eʼtibor qaratdi.
O‘zbekistonning BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimiz tomonidan ishlab chiqilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida chop etildi. Hujjat BMTning olti rasmiy tili - arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus, ispan tillariga tarjima qilindi, BMTga aʼzo davlatlar, Tashkilotning ixtisoslashgan muassassalari va agentliklariga tarqatildi.
BMT tomonidan eʼlon qilingan Kodeksda pandemiyalarga qarshi global miqyosda javob chora-tadbirlari ko‘rish bo‘yicha xalqaro hamkorlik birdamlik, ochiqlik, o‘zaro yordam va inson huquqlarini taʼminlash tamoyillariga asoslanishining muhimligi taʼkidlangan.
Hujjatda pandemiyalar davrida mamlakatlar oldidagi xavf-xatarlarning oldini olish va ularni kamaytirish bo‘yicha ixtiyoriy majburiyatlar mustahkamlanib, xususan, quyidagi asosiy chora-tadbirlar sanab o‘tilgan:
1) umumiy qabul qilingan meʼyor va standartlarga muvofiq, tibbiy yordamdan teng foydalanishni taʼminlash, sog‘liqni saqlash muassasalarini jihozlash, aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini taʼminlash, uni zarur himoya va qo‘llab-quvvatlash bilan taʼminlashga masʼul bo‘lgan xizmatlar salohiyatini kuchaytirish;
2) qarorlar qabul qilishda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, fuqarolarda masʼuliyat hissini tarbiyalash va pandemiyalar xavfini anglash orqali aholining xabardorligi va sanitariya-gigiyena madaniyatini yuksaltirish;
3) ish joyida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnatni muhofaza qilishni taʼminlash, moslashuvchan ish vaqti va masofadan ishlash usulini joriy etish, ish joyida kamsitilishlarning oldini olish, xodimlarga hayotni taʼminlash obyektlarining samarali ishlashi bo‘yicha minimal sharoitlarni taqdim etish;
4) aholining bandligini iqtisodiyotni rag‘batlantirish va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, ish haqini taʼminlash, ishsizlar va ishsiz qolganlarga, ayniqsa, ayollar va yoshlarga yordam ko‘rsatish, shuningdek, qisqa muddatli qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini joriy etish orqali qo‘llab-quvvatlash;
5) aholining kam taʼminlangan va yordamga muhtoj qatlamlarini moddiy yordamni kengaytirish, muhim tovarlar va birlamchi xizmatlar taqdim etish, xayriya faoliyatini rag‘batlantirish, davlat-xususiy sheriklik va ko‘ngillilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni kuchaytirish orqali ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash;
6) oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va tovarlarni uzluksiz yetkazib berish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi savdo markazlari (bozorlar) ning karantin qoidalariga rioya etilishi uchun minimal shart-sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, zarur tovarlar (oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy ashyolar, dori vositalari va h.k.) narxlari ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
7) mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi savdoni rivojlantirish, pandemiyalar tarqalishining salbiy taʼsiriga eng moyil bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni taʼminlash, shuningdek, ichki va transchegaraviy turizmni kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish orqali turizm sanoatini rag‘batlantirish;
8) masofaviy o‘qishni tashkil etish, taʼlim muassasalarida xavfsiz o‘qish sharoitlarini yaratish orqali umrbod taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash;
9) insonning asosiy huquqlari cheklanishining oldini olish, mehnat muhojirlari, ko‘chirilganlar va qochqinlarning huquqlarini ular bo‘lib turgan mamlakatlarda kafolatlash, shu jumladan, ishsiz qolgan mehnat muhojirlariga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, mehnat muhojirlarining o‘z vatanlariga qaytishi uchun transport va tranzit yo‘laklari ishlashini taʼminlash;
10) iqtisodiy va gumanitar yordam dasturlarini amalga oshirish, pandemiyalar bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida ishonchli maʼlumot almashish, pandemiyalar davrida davlatlararo va davlatlar ichidagi nizolarni to‘xtatib turish yoki muzlatish, vaksinalarni ishlab chiqish va taʼminlash, barcha mamlakatlarning vaksinalar va dori-darmonlar bilan teng sharoitda taʼminlash bo‘yicha xalqaro hamkorlik va o‘zaro yordamni kuchaytirish.
Bundan avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) O‘zbekistonning pandemiyaga qarshi global saʼy-harakatlarga qo‘shgan hissasini olqishlagan edi. JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus O‘zbekiston rahbariyatiga yo‘llagan murojaatida davlatimiz rahbariga Kodeks loyihasini ishlab chiqishga ko‘maklashishdagi uzoqni ko‘ra bilgani va yetakchiligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kodeks matni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida nashr etilishi, shubhasiz, O‘zbekistonning pandemiyalarga qarshi kurashish va global shartnomani ishlab chiqish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlariga qo‘shgan muhim hissasi bo‘ldi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi