O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mashaqqatli, ammo sharafli kasb egalari
2021-08-13 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz soliq xizmati organlari mustaqil davlatimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tyapti. O‘tgan yillar davomida puxta o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya asosida sohani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston milliy soliq siyosatini shakllantirish maqsadida, 1991-yilning 12-avgust kuni Moliya vazirligi huzuridagi Davlat bosh moliya-soliq boshqarmasi negizida Bosh soliq boshqarmasi tashkil etildi.
Soliq sohasini takomillashtirishda 1994-yil ham alohida o‘rin tutadi. Shu yili O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh davlat soliq boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan adolatli, shaffof va uzoqqa mo‘ljallangan tizimni yaratishga qaratilgan soliq islohotlari iqtisodiy, huquqiy jihatdan har tomonlama asoslangan hamda soliq to‘lovchilar uchun qulay va manfaatli ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Belgilangan tamoyillarni joriy etish uchun yangi soliq konsepsiyasi va Soliq kodeksi qabul qilindi.
Tadbirkorlik uchun keng va teng raqobat maydonida erkin faoliyat yuritish imkoniyati vujudga keldi. Soliq yukining kamayishi soliq to‘lovchilar soni va byudjetga soliq tushumlarining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tizim faoliyatini “Soliqchi — ko‘makchi” tamoyili asosida yuqori texnologiyali tashkilotga transformasiya qilish islohotlarning navbatdagi tub burilishi sifatida qaralyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, soliq xizmati organlarining xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan yangi imidji yaratilmoqda. Eng asosiysi, o‘zgarishlar xalqimiz hayotida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatyapti. Soliq majburiyatlarini bajarish koeffisiyentlari oshib, byudjet tushumlari ortib bormoqda.
Hurmatli hamkasblar, soha faxriylari!
Mashaqqatli, ammo sharafli faoliyatingizni doim qadrlaymiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi