O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentlar sanoat ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi
2021-08-06 | Siyosat
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Turkmanboshi shahrida ushbu mamlakatlarning milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon mazkur ko‘rgazmani borib ko‘rdilar.
“Made in Uzbekistan” ekspozitsiyasida mamlakatimizning oziq-ovqat, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, charm-poyabzal, elektr texnikasi, kimyo, farmatsevtika, zargarlik va qurilish materiallari kabi sanoat tarmoqlari salohiyati namoyish etilgan.
Ko‘rgazmadan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston mahsulotlari ham o‘rin olgan. Ekspozitsiyalar 8 ming kvadrat metrdan ziyod maydonni egallagan.
Prezidentlar mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirib, o‘zaro tovarlar yetkazib berish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti