O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov Xorazm viloyatining turizm, sport va madaniy obyektlarini ko‘zdan kechirdi
2021-08-06 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, Urganch va Xiva shaharlarining turistik, sport va madaniy infratuzilmasini ko‘zdan kechirdi.
Tashrif davomida Aziz Abduhakimov aeroport va vokzallardan boshlab viloyatga keluvchi kishilar uchun barcha zarur qulayliklar yaratish, ko‘chalarni obodonlashtirish, bekatlar qurish, veloyo‘lakchalar qurishga oid zarur tavsiyalar berdi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan Urganch shahrida joylashgan Ogaxiy nomidagi Xorazm viloyat musiqiy drama teatri binosi fasadini yaxshilash hamda uning atrofidagi qurilish ishlari tanqidiy-tahliliy o‘rganildi.
Urganchga tashrif davomida Aziz Abduhakimov Urganch olimpiya zaxiralari kollejida bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar, sport mashg‘ulotlari borishi bilan yaqindan tanishdi, vazir yoshlar va murabbiylar bilan suhbatlashib, ularning muammolarini tingladi va yechimi borasida tegishli masʼullarga topshiriq berdi.
Shundan so‘ng masʼullar Xiva shahridagi “Farovon” mehmonxonasidagi qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ushbu besh yulduzli bo‘lishi kutilayotgan mehmonxonaning umumiy yer maydoni 12,1 ga, qurilish osti maydoni 1 gektarni tashkil etadi. Mehmonxona 3 qavatli bo‘lib, 100 ta nomerga mo‘ljallangan.
Keyingi manzil "Maʼmun akademiyasi" muzeyi bo‘ldi. Bosh vazir o‘rinbosari muzeyda yorug‘lik ishlarini yaxshilash, milliy koloritni ko‘paytirishga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi. Aziz Abduhakimov muzey kutubxonasida bo‘lib, viloyat masʼullariga uni kengaytirish va turli adabiyotlar bilan boyitishga oid topshiriq berdi.
Shuningdek Abduhakimov “Ichan qalʼa”da olib borilayotgan taʼmirlash ishlarini o‘rganib, mavjud kamchiliklarni qayd etgan holda ularni bartaraf etishga doir yechim va ko‘rsatma berdi.
“Xorazmni nafaqat turistlar, balki mahalliy aholi yashashi va dam olishi uchun qulay qilishimiz kerak. Bu ishga barcha birdek masʼuliyat bilan yondoshsa, o‘z ishini vijdonan bajarsa, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsagina ijobiy natijaga erishamiz. Yangi turistik maskanlarning qurilishi esa bu yerdagi mahalliy aholini ish bilan taʼminlashda juda muhim”, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi