O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onalik yoshlarga 18 ming gektar yer maydoni ajratiladi
2021-08-05 | Yoshlar
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xususan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Joriy yil 1-maydan boshlab dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi joriy qilinayotir, – deydi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori To‘lqinjon Sattorov.
– Bunda, sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan yer uchastkalarini o‘zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, yerlar hosildorligini oshirish, yetishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilish va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatiladi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorigacha subsidiya ajratiladi. Jamg‘armamiz tomonidan 52 milliard so‘m mablag‘ “Yoshlar daftari”dagilar uchun berish ko‘zda tutilgan. Ular mazkur imtiyozli kreditlarga issiqxona qurishi, parrandachilik va boshqa sohalarni yo‘lga qo‘yishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, respublikamiz bo‘yicha 233 ming gektar yer dehqonchilik qilish istagidagi yoshlarga berilmoqda.
Farg‘ona viloyatida “Yoshlar daftari” ga kiritilgan ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Xususan, daftarga kiritilgan qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratib berish ishlari davom etmoqda. 18 ming gektar yer maydonlari ajratib berilayotgan bo‘lib, sabzavotlar, poliz ekinlari, kartoshka hamda dukkakli ekinlar ekilmoqda.
Uchko‘prik tumanidagi “Boboshbek”, “Mullayev Muqimjon Ziyosi”, “Abrorbek quvonch nuri” fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi ekin maydonidan 4 gektar yer “Boboshbek”, “Yakkatut”, “Katta kenagas” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 40 nafar ishsiz yoshga 20 sotixdan ajratildi. Soha mutaxassislari tomonidan yoshlarga ertangi ekinlar turlari, ularni ekish va parvarishlash agrotexnikasi haqida batafsil tushunchalar berildi.
– Yetti yildan beri Rossiya va Qozog‘istonda yollanma ishchi bo‘lib mehnat qilardim, – deydi Doston Nuraliyev. – Bugun bizga 20 sotixdan yer berishdi. Bu yerdan unumli foydalanib, kartoshka va sabzavot mahsulotlari yetishtirmoqchiman.
Bir yil davomida shu yerda mehnat qilsam, chetga chiqib ish izlab yurishimga zarurat qolmaydi. Hozirga qadar tumanda mahalla fuqarolar yig‘inlarining tavsiyasi va ishchi guruh a’zolarining “xonadonbay” o‘rganishlari asosida hududlardagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, migrantlikdan qaytgan va ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan 17 mingdan nafardan ziyod yoshga dehqonchilik uchun yer ajratib berilmoqda.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab- quvvatlash jamg‘armasi tomonidan viloyatdagi “Yoshlar daftari”ga kirganlarga 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ imtiyozli kredit asosida berilishi rejalashtirilgan.
Manba: O'zA