O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Eronning yangi saylangan Prezidenti bilan uchrashdi
2021-08-05 | Iqtisodiyot
Eronning yangi saylangan Prezidenti Ibrohim Raisiy O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nurdinjon Ismoilovni qabul qildi.
Mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, uchrashuvda Eronning yangi saylangan Prezidenti Ibrohim Raisiy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan uning saylovdagi g‘alabasi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi uchun minnatdorlik bildirdi va davlatimiz rahbariga o‘zining iliq salomini yetkazishni so‘radi.
Rasmiy inauguratsiya marosimi bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etish maqsadida Eronga tashrif buyurgan yuqori martabali delegatsiya uchun davlatimiz rahbariga alohida tashakkur izhor etdi.
Eron yangi hukumati tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida to‘xtalar ekan, Ibrohim Raisiy O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini jadallashtirish, iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish hamda tomonlarning mavjud salohiyatlaridan keng foydalanish muhimligini taʼkidladi.
Turli sohalarda avval erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosining muhimligi taʼkidlandi.
Ibrohim Raisiy, shuningdek, Eron rasmiy doiralari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan mintaqa davlatlari bilan o‘zaro hurmat, do‘stlik va birodarlik tamoyillariga asoslangan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini yana-da mustahkamlash hamda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlarini maʼlum qildi.
Muloqotda Toshkent va Tehron o‘rtasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro manfaatli va samarali aloqalarga ijobiy baho berildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlar rivoji haqida so‘z yuritar ekan, I.Raisiy kelajakda O‘zbekiston va Eron parmentlari o‘rtasidagi hamkorlikning yana-da chuqurlashishiga umid bildirdi.
Eron Prezidentining fikriga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning ijtimoiy hayotida parlament rolini oshirishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlarning alohida o‘rni taʼkidlandi.
Eron yetakchisi O‘zbekiston-Eron hamkorlik aloqalarining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan asosiy vazifalarning amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida vazirlik va idoralar o‘rtasidagi doimiy o‘zaro delegatsiyalar almashinuvlarini davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv ochiq va samiy ruhda kechdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi