O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov Navoiy viloyatida "Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasiga oid murojaatlar va muammolar" mavzusida sayyor qabul o‘tkazdi.
Unda 50 nafarga yaqin fuqaro va tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan masalalarni ma'lum qilishdi.
Karantin qoidalariga rioya qilib, ochiq havoda tashkil etilgan tadbirda inson manfaatlarini ta'minlash uchun avvalo odamlarning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy ehtiyojlarini yaxshi bilish kerakligi alohida ta'kidlandi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida asos solingan yangi tizim — ijtimoiy adolatni ta'minlash barobarida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo‘lidagi strategik maqsadlarga erishishning qudratli vositasiga aylanmoqda.
Sayyor qabul davomida jismoniy va yuridik shaxslarning muammolari atroflicha tinglanib, ularning har biri alohida nazoratga olindi. Ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan tegishli mas'ullarga aniq muddatli topshiriqlar berildi. Muloqotning bunday samarali usuli aholini tashvishlantirayotgan muammolarning bartaraf etilishida hamda ularning davlatdan rozi bo‘lib yashashida muhim ahamiyat kasb etadi.