O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya O‘zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirdi
2021-07-29 | Siyosat
2021-yil 28-iyulda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirdi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrdagi 61/106-sonli Rezolyutsiya bilan qabul qilingan va 2008-yil 3-may kuni kuchga kirgan.
Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2009-yil 27-fevral kuni imzolangan va 2021-yil 7-iyunda O‘RQ-695-sonli Qonun bilan ratifikatsiya qilingan edi.
Ushbu xalqaro shartnomada bugungi kunda 184 ta davlat ishtirok etadi.
Konvensiya 50 moddadan iborat bo‘lib, unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va asosiy erkinliklari, jumladan ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanish, yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilgan va ularni amalga oshirishning huquqiy kafolatlari belgilangan.
Konvensiyada qoidalariga rioya etilishi va ishtirok etuvchi davlatlarning majburiyatlarining bajarilishini muvofiqlashtirish va buning monitoringini amalga oshirish maqsadida BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etilgan.
O‘zbekistonda 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining F-5006-son Farmoyishi bilan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etilgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5270-sonli Farmoni, shuningdek, 2020-yil O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-641-sonli Qonuni qabul qilingan.
Konvensiyada ishtirok etish milliy qonunchilikni va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga hamda ularni xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi